8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni
bugungi kun ayoli – bu nafaqat ona, uy bekasi, balki ta’lim olib, kasb egallayotgan, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib, yangi marralarga erishayotgan ijtimoiy faol shaxsdir.
Shu bilan birga, ular turli sohalarda faoliyat yuritib, Yangi O‘zbekistonni bunyod etish, hayotimiz farovonligida qatnashayotgan fidoyilardir.
Binobarin, doimiy ish joyi va muqim daromad manbaiga ega bo‘lish har bir ayolga ijtimoiy faolligi, hayotiy pozitsiyasini namoyon etishida hal qiluvchi omil sanaladi.
Ayollarning huquqlari inson huquqlarining tarkibiy va ajralmas qismidir. Mustaqilligimizning dastlabki yillarida O‘zbekiston BMTning “Ayollarni kamsitishning barcha shakllarini tugatish to‘g‘risida”gi Konvensiyasiga qo‘shilgani xotin-qizlarga bo‘lgan e’tibor natijasidir.
Konstitutsiyaning 37-moddasida har bir shaxs mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash va qonunda ko‘rsatilgan tartibda ishsizlikdan himoyalanish huquqiga ega, deyilgan bo‘lsa, 46-moddada xotin-qizlar va erkaklar teng huquqli ekanligi kafolatlab qo‘yilgan.
Xotin-qizlarga mehnat sohasida berilgan kafolatlar 2022 yil 28 oktyabrda qabul qilingan yangi Mehnat kodeksida yanada kengaytirildi.
Kodeksning barcha normalariga singdirilgan asosiy tamoyillardan biri – mehnat huquqlarining tengligidir.
Mehnat qonunchiligiga ko‘ra, ayollarni ishga qabul qilish umumiy asoslarda, ya’ni mehnat shartnomasi tuzish orqali amalga oshiriladi. Ammo, ularning ayrim toifalariga qo‘shimcha kafolatlar belgilangan bo‘lishiga qaramasdan amaliyotda homilador, uch yoshgacha farzandlari bo‘lgan ayollarni ishga qabul qilishda, ayrim mansabdor shaxslar tomonidan turli vajlarni keltirib, ularni ishga qabul qilishdan bosh tortish holatlari ham uchrab turadi.
Yangi Mehnat kodeksining 392-moddasiga ko‘ra, homiladorligi yoki farzandi borligi bilan bog‘liq sabablarga ko‘ra ishga qabul qilishni rad etish yoki mehnatga haq to‘lash miqdorini kamaytirish taqiqlanadi.
Ta’kidlash joizki, ayolni homiladorligi yoki yosh bolani parvarish qilayotganligini bila turib, uni ishga olishdan g‘ayriqonuniy ravishda bosh tortish yoki ishdan bo‘shatish Jinoyat kodeksining 148-moddasiga muvofiq, bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Ayollarning mehnatini ta’minlashda ayollar organizmining fiziologik xususiyatlaridan kelib chiqqan holda hamda onalikni muhofaza qilish, kelajak avlodning salomatligini ta’minlash nuqtai nazaridan ham mehnat qonunchiligida ayollar uchun kompleks kafolatlar belgilangan.
Xususan, tibbiy xulosaga muvofiq homilador ayollarning ishlab chiqarish normalari, xizmat ko‘rsatish normalari kamaytiriladi yoki ular avvalgi ishlaridagi o‘rtacha oylik ish haqi saqlangan holda yengilroq yoxud noqulay ishlab chiqarish omillarining ta’siridan xoli bo‘lgan ishga o‘tkaziladi.
Bola parvarishlash ta’tillari davrida ayolning ish joyi (lavozimi) saqlanadi. Bu ta’tillar mehnat stajiga, lekin hammasini jamlaganda ko‘pi bilan olti yil, shu jumladan, mutaxassisligi bo‘yicha ish stajiga ham qo‘shiladi.
Homilador ayollarni va o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan bolasi (o‘n olti yoshga to‘lmagan nogiron bolasi) bor ayollarni ularning roziligisiz tungi ishlarga, ish vaqtidan tashqari ishlarga, dam olish kunlaridagi ishlarga jalb qilishga va xizmat safariga yuborishga yo‘l qo‘yilmaydi. Shu bilan birga, homilador ayollarni va uch yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollarni tungi ishlarga jalb qilishga bunday ish ona va bolaning sog‘lig‘i uchun xavf tug‘dirmasligini tasdiqlovchi tibbiy xulosa bo‘lgan taqdirdagina yo‘l qo‘yiladi.
Ayollarni mehnat munosabatlaridagi qonunchiligimizdagi yana bir kafolati bu homilador va uch yoshga to‘lmagan farzandlari bor ayollar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishga yo‘l qo‘yilmasligidir.
Faqatgina korxona butunlay tugatilayotganda mehnat shartnomasi ularni albatta ishga joylashtirish sharti bilan bekor qilinadi. Bunday ayollarni ishga joylashtirishni mahalliy mehnat organi ularni ishga joylashtirish davrida qonun hujjatlarida belgilangan tegishli ijtimoiy to‘lovlar bilan ta’minlagan holda amalga oshiradi.
Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligidagi ayollar mehnatini ta’minlash masalasi xalqaro huquq normalariga muvofiq ravishda belgilangan.
Qonunchilikda belgilangan yuqorida qayd etilgan normalar amalda to‘liq ishlab, ayollarning mehnat bilan bog‘liq huquqlarini himoya qilishning real vositasiga aylanishi kerak.
Shu bilan birga, ayollarning huquqiy ongi va madaniyatini oshirish hozirgi kunning dolzarb masalalaridan biri hisoblanadi. Busiz qonunlar ijrosini ta’minlashda muammolar vujudga kelaveradi.
Zero, jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirib borish qonun ustuvorligini ta’minlash va qonuniylikni mustahkamlashning eng muhim shartlaridan biri hisoblanadi.
Xurshida BURXONXO‘JAEVA,
TDYUU dotsenti.
O‘zA