Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ayollar koloniyasidagi mahkumalar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi
15:56 / 2026-03-04

IIV huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman), Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi hamkorligida 21-sonli jazoni ijro etish koloniyasida jazo muddatini o‘tayotgan mahkumalar uchun tibbiy ko‘rik tashkil etildi.

Tadbir “Inson qadri – oliy ne’mat” hamda “Sog‘lom ayol –millat tayanchi” tamoyillari asosida o‘tkazilmoqda va unda inson salomatligi hamda huquqlarini ta’minlash ustuvor vazifa sifatida belgilangan.

Tibbiy ko‘rikka Sog‘liqni saqlash vazirligining akusher-ginekolog, onkoginekolog, mammolog, kardiolog, endokrinolog, pediatr, psixiatr kabi 10 nafarga yaqin tor doiradagi shifokorlar guruhi jalb etildi.

Shuningdek, tibbiy ko‘rik davomida rentgen, UTT va qon tahlillarini o‘tkazish uchun tibbiy jihozlar bilan ta’minlangan maxsus avtobuslar olib kelindi.

Ularning ishtirokida mahkuma ayollar va ularning uch yoshgacha bo‘lgan farzandlari ham to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

Bunday tadbirlar mahkuma ayollarning salomatligini mustahkamlash, kasalliklarni erta aniqlash va o‘z vaqtida davolash choralarini ko‘rish imkonini beradi.

Shuni qayd etish lozimki, mamlakatimizda jazoni ijro etish tizimini insonparvarlik tamoyillari asosida isloh qilish, mahkumlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida izchil qonunchilik choralari ko‘rilmoqda.

Xususan, 2023-yilda Jinoyat va Jinoyat-ijroiya kodekslariga kiritilgan o‘zgartishlar bilan jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish, muddatidan ilgari shartli ozod etish hamda manzil-koloniyalarga o‘tkazish mexanizmlari qayta ko‘rib chiqildi. Mahkumlarni foto va videotasvirga tushirish faqat ularning yozma roziligi asosida amalga oshirilishi belgilanib, shaxsiy daxlsizlik kafolatlari mustahkamlandi.

2024-yilda qabul qilingan qonun bilan mahkumlar bilan insoniy muomalada bo‘linishi, sha’ni va qadr-qimmati hurmat qilinishi hamda Ombudsmanga murojaat qilish huquqi qonun darajasida yanada mustahkamlandi. Shuningdek, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar uchun jazo o‘tayotgan shaxslarning saylov va referendumlarda ishtirok etish huquqi belgilandi.

2025-yildan e’tiboran esa mahkumlarni ma’naviy-axloqiy jihatdan rag‘batlantirishga qaratilgan yangi mexanizm joriy etildi. Unga ko‘ra, tasdiqlangan adabiyotlar ro‘yxatidagi kitoblarni o‘qigan mahkumlarning jazo muddati sud qarori bilan qisqartirilishi mumkin. Bu norma mahkumlarning tuzalish yo‘liga o‘tishini rag‘batlantirishga qaratilgan.

Bundan tashqari, jazoni ijro etish muassasalarida mahkumlarga masofali video-uchrashuvlardan foydalanish huquqi berildi. Bu esa ularning oilaviy aloqalarini saqlab qolish va ijtimoiylashuv jarayonini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilmoqda.

Tashrif doirasida mazkur koloniyada saqlanayotgan mahkumalar uchun yaratilgan yashash, ovqatlanish sharoitlari, bolalar uyi, psixolog bilan ishlash xonasi, kutubxona ham ko‘zdan kechirildi. Mahkumalar bilan xoli tarzda va jamoaviy suhbatlar o‘tkazilib, ular murojaatlari nazoratga olindi.

N.Abduraimova, O‘zA