BMT Ayollar tashkiloti va Mustaqil tahlil markazi — Progressiv islohotlar markazi o‘rtasida yurtimizda gender tengligi va ayollar huquqini ilgari surish yo‘lida hamkorlikda ishlash bo‘yicha anglashuv memorandumi imzolandi.
Ushbu hamkorlik dalillarga asoslangan siyosiy islohotlarni ilgari surish, institutlar salohiyatini mustahkamlash va gender masalalari bo‘yicha inklyuziv milliy muloqotni rivojlantirishga qaratilgan.
Hamkorlik doirasida ikki tomon ayollarga qarshi zo‘ravonlikning oldini olish, ularning iqtisodiy huquq va imkoniyatini kengaytirish, ommaviy axborot vositalarida gender tenglik masalalarini yoritishni kuchaytirish kabi yo‘nalishlarda qo‘shma tashabbuslarni ilgari suradi.
Qayd etish kerak, Progressiv islohotlar markazi ma’lumotlarni tizimli ravishda to‘plash va chuqur tahlil qilish, dolzarb va ishonchli tadqiqotlar olib borishda yetakchi rol o‘ynaydi. Shu bilan birga, BMT Ayollar tashkiloti esa global ilg‘or tajribalar, xalqaro standartlar va texnik yordamni taqdim etib, O‘zbekistonning gender sohasidagi islohotlarini xalqaro kontekst bilan muvofiqlashtirish va mustahkamlashga ko‘maklashadi.
— Ushbu hamkorlik gender tengsizligiga qarshi kurashda mahalliy sharoitga asoslangan, lekin global tajribadan xabardor yondashuvlarga o‘tishimizni anglatadi, — deydi Progressiv islohotlar markazi direktori Mirshohid Aslanov. — Kuchlarimizni birlashtirib, tadqiqotlar, muloqot va amaliy harakatlar orqali barqaror natijalarni yaratishni maqsad qilganmiz.
Mazkur memorandum har ikki tashkilotning mustaqil ovozini hurmat qilgan holda, qo‘shma kommunikatsiya mexanizmlari va umumiy targ‘ibot strategiyalarini belgilaydi. Bu hamkorlik mamlakatimizda islohotlarga yo‘naltirilgan hamkorlik muhiti kengayib borayotganining muhim ko‘rsatkichi hisoblanadi.
Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA