Futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionati ayollar oliy ligasida navbatdagi 10-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tdi.
Jizzaxning “So‘g‘diyona-Women” ayollar jamoasi o‘z maydonida Toshkentning “Paxtakor-Women” xotin-qizlar klubini qabul qildi.

Jizzax Futbol akademiyasi stadionida Sherali Boboqulov bosh murabbiyligidagi maydonga chiqqan “So‘g‘diyona-W" poytaxtlik “paxtakorchi” dugonalariga hech qanday imkoniyat qoldirmadi. Jizzaxlik qizlar “Paxtakor-W”ni yirik hisobda mag‘lubiyatga uchratdi.
“So‘g‘diyona-W” jamoasidan gollarga chempionatimiz to‘purari Diyoraxon Habibullayeva 6 marta (!), Dildora Nozimova 5, Zarina Mamatkarimova 2 va Milana Tkach hamda Adelya Vildanova 1 martadan mualliflik qilgan bo‘lsa, “Paxtakor-W” futbolchisi Roziyaxon Asqarova penaltidan to‘p kiritib 1 ta javob qaytara oldi, xolos. “So‘g‘diyona-W” – “Paxtakor-W” yakuniy hisob – 15:1.

O‘zbekistonning amaldagi chempioni va ayni paytda turnir jadvali yakka peshqadami Qarshining “Sevinch-W” xotin-qizlari Farg‘onada “Neftchi-W”ning mehmoni bo‘lib, 0:12 hisobida g‘alaba qozondi.
10-turning qolgan bahslarida quyidagi natijalar qayd etildi: “Buxoro-W” (Buxoro) – “Metallurg-W” (Bekobod) – 4:0, OKMK-W (Olmaliq) – “Qizilqum-W” (Navoiy) – 3:1, “Lokomotiv-W” (Toshkent) – “Bunyodkor-W” (Toshkent) – 1:3.

O‘tkazilgan 10 turdan so‘ng, turnir jadvalini 30 imkoniyatdan 30 ochko jamg‘argan Qarshining “Sevinch-W” xotin-qizlar klubi boshqarib bormoqda.
10 uchrashuvdan so‘ng Jizzaxning “So‘g‘diyona-W” hamda Toshkentning “Bunyodkor-W” klublari 24 tadan ochko jamg‘arib, 2 va 3- pog‘onani egallab turibdi.

A.QAYUMOV, O‘zA