Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
AYOLLAR FUTBOLI: “Sevinch” yana “taxt”ga qaytdi
21:24 / 2019-09-29

Ayollar oʻrtasida mamlakat chempionatining 7-tur oʻyinlari boʻlib oʻtdi va unda kutilmagan natijalar qayd etildi.


Ayollar oʻrtasida mamlakat chempionatining 7-tur oʻyinlari boʻlib oʻtdi va unda kutilmagan natijalar qayd etildi.

Birinchi galda “Bunyodkor”ning oʻz maydonida ochko yoʻqotishini koʻpchilik kutmagandi. Elmira Gʻulomova shogirdlari hatto oʻtgan turda mamlakatning koʻpkarra chempioni, tabiiyki bu yilgi mavsumda ham faqat bosh sovrin uchun kurashayotgan “Sevinch” jamoasini ham yirik hisobda magʻlub etib, turnir peshqadamligiga koʻtarilib olgandi. Bu turda esa Jizzaxning “Soʻgʻdiyona” jamoasi bilan durang oʻynadi.

Toʻgʻri, jizzaxliklar ham ikki yildirki bosh sovrin ilinjida toʻp surishmoqda. “Metallurg”ni chempionlikka koʻtargan, Superkubokka “yoʻliqtirgan” Sherali Boboqulov “Soʻgʻdiyona”da ish boshlagach bu klubda ham sovrindorlikka harakat boshlangandi. Kutilmaganda, Boboqulovning futboldan maʼlum muddatga chetlashtirilishi “Soʻgʻdiyona”ning “kuni bitdi” tushunchasini tugʻdirgandi. Vaholanki, jamoa kuchsizlanib qolmadi, aksincha, kuchlilar qatorida yurishni davom ettiryapti. “Bunyodkor” maydonida peshqadamdan ochko tortib olish buning yaqqol misoli.

Uchrashuvda ham birinchi boʻlib jizzaxliklar hisobni ochishdi. Aziza Norboyeva oʻyinning dastlabki ikkinchi daqiqasidayoq raqib darvozasini ishgʻol etdi. Oʻyin garchi teng kurashlar ostida kechsada koʻp oʻtmay mezbonlar Umida Zoirovaning goli evaziga hisobni tenglashtirishdi. Birinchi boʻlim oxirlarida esa tinib-tinchimas Maxliyo Sariqovaning goli “Bunyodkor”ni hisobda oldinga olib chiqdi. Lekin birinchi boʻlim shu hisobda yakunlanmadi, bosh hakam qoʻshib bergan daqiqalar ichida chempionat toʻpurarlari karvoniga sarbonlik qilayotgan Diyora Xabibullayeva oʻzini koʻrsatdi va hisobni tenglashtirdi. Ikkinchi boʻlim murosasiz bahslar, ayniqsa antiqa hisoblar bilan davom etdi. Avvaliga “Soʻgʻdiyona” jamoasi sardori Kamola Risqiyeva oʻz darvozasini nishonga olib qoʻydi. “Bunyodkor” uchun tuhfani esa “qaldirgʻochlar” hazm” qila olmadi shekilli, bular ham oʻz darvozalariga toʻp kiritib, bugungi durangga loyiq oʻyinga intiho yasashdi. Qizigʻi, “toʻp muallifi” jamoa hujumchisi, toʻpurarlar bahsida ikkinchi oʻrinda borayotgan Lyudmila Karachik boʻldi. Bosh hakam qoʻshib bergan qoʻshimcha daqiqaning soʻnggi soniyalarida oʻz darvozasiga toʻp kiritib qoʻydi.

Yana bir kutilmagan natija Navoiyda kuzatildi. Shu kungacha birorta ham ochko ola bilmagan “Qizilqum” oʻz maydonida “Paxtakor”dan ochko tortib oldi. Aslida mezbonlar hisobda oldinda borishayotgandi, yana bir daqiqa “chidab” berganlarida dastlabki uch ochkoni ham qoʻlga kiritgan boʻlardi, biroq soʻnggi daqiqalarda toshkentliklar hisobni tenglashtirishga muvaffaq boʻlishdi.

“Metallurg”ning AGMK, “Sevinch”ning esa “Lokomotiv” ustidan gʻalaba qozonishini bashorat qilganlar koʻpchilik endi. Qarshiliklar bu yutugʻi, toʻgʻrirogʻi, “Bunyodkor”ning oʻz maydonida ochko yoʻqotishi “taxt”ga yana “Sevinch”ning qaytishini taʼminladi.

Shu tariqa chempionat jadvalini 18 ochko bilan “Sevinch” boshqarishni davom ettiryapti. “Bunyodkor 17, “Soʻgʻdiyona” 16 ochko bilan ikkinchi va uchinchi oʻrinlarda borishyapti. “Metallurg” jamoasi 13 ochko bilan toʻrtinchi oʻringa mustahkam joylashib olgan. Qolgan toʻrt jamoaning joyi quyida – AGMK va “Lokomotiv” jamoalari ixtiyorida 6 tadan ochko, “Paxtakor”da 4, “Qizilqum”da esa atigi bir ochko bor.

Toʻpurarlar bahsida hamon “Soʻgʻdiyona” aʼzosi Diyora Xabibullayeva 37ta toʻpi bilan peshqadam boʻlib turibdi. Lyudmila Karachik (“Bunyodkor”) 29, Komila Zaripova (AGMK) 26ta toʻpga ega.

7-turda qayd etilgan natijalar:

“Bunyodkor” – “Soʻgʻdiyona” – 3:3

Gollar: Umida Zoirova (10), Maxliyo Sariqova (39), Lyudmila Karachik (90+4 oʻz darvozasiga) – Aziza Norboyeva (2), Diyora Xabibullayeva (45+1), Kamola Risqiyeva (71 oʻz darvozasiga).

“Metallurg” – AGMK – 3:1

Gollar: Moxira Joʻraboyeva (7), Shaxrizoda Zaynitdinova (64), Shoira Qultoʻrayeva (69) – Alina Smirnova (49).

“Qizilqum” – “Paxtakor” 1:1

Gollar: Barchinoy Eshmurodova (74) - Gulmira Devyatova (89).

“Sevinch” - “Lokomotiv” - 6:0

Gollar: Maftuna Shoimova (4), Laylo Shodiyeva (9, 11), Shaxnoza Qurbonova (65), Rushaniya Safina (70), Gulzoda Amirova (75).

Navbatdagi 8-tur oʻyinlari 9-oktyabrga belgilangan.