Ayollar futboli: “Oʻzbek raketasi” ning navbatdagi nishoni Jahon chempionati
Buning uchun qizlarimizning jasorati, istak va xohishlari yetarli, sharoitlar ham shunga yarasha.
Buning uchun qizlarimizning jasorati, istak va xohishlari yetarli, sharoitlar ham shunga yarasha
19 yoshgacha boʻlgan qizlardan iborat Oʻzbekiston yoshlar terma jamoasi Osiyo chempionatining birinchi bosqichidan muvaffaqiyatli oʻtib, ikkinchi bosqichga jiddiy tayyorgarlik koʻrayotganidan xabaringiz bor. Karima Yoʻldosheva ustozligidagi qizlarimiz yangi yildagi ilk oʻquv-mashgʻulot yigʻinini 10 yanvardan, poytaxtdagi “Chigʻatoy” sport majmuasida boshlashgan.
Yodingizda boʻlsa, mazkur terma jamoamiz dastlabki saralash oʻyinlarini oʻtgan yilning oktyabr oyida Bishkekda oʻtkazib, maydon egalari va BAA termalarini bir xil – 3:1, Maldiv orollari (20:0) hamda Guam (8:0) terma jamoalarini esa oʻta yirik hisoblarda magʻlubiyatga uchratgan holda, guruh peshqadami sifatida ikkinchi bosqich yoʻllanmasini qoʻlga kiritgandi. Oʻsha mazmunli oʻyinlari evaziga mahalliy OAVda qizlarimizga nisbatan “oʻzbek raketasi” iborasi paydo boʻldi. Ana shu muvaffaqiyatdan keyin qizlarimizda yanada koʻtarinki kayfiyat paydo boʻldi, yagona maqsad yoʻlida delegatsiyaning barcha aʼzolari birlashishdi. Ularning endigi maqsad va vazifasi, mubolagʻa qiladigan boʻlsak, “oʻzbek raketasi”ning navbatdagi nishoni kelasi yili boʻlib oʻtadigan Jahon chempionatiga yoʻllanma olish.
Jahon chempionatiga qadar hali yana ikkita “qovun pishigʻi” bor. Avvaliga shu yilning 22-30 aprel kunlari tashkillashtiriladigan qitʼa chempionatining ikkinchi bosqichidan sogʻ-omon oʻtib olish zarur. Musobaqaning manzili va raqiblar boʻyicha maʼlumot 13 fevralda oʻtadigan qurʼa tashlash marosimidan soʻng paydo boʻladi. Ikkinchi saralash oʻyinlarida sakkizta jamoa ikki guruhga boʻlingan holda oʻzaro kuch sinashishadi. Bular – Avstraliya, Janubiy Koreya, Oʻzbekiston, Hindiston, Vyetnam, Eron, Livan va Myanma termalari. Ayni davrda jamoalar savatchalarga boʻlingan. Unga koʻra 1-savatchadan Avstraliya va Janubiy Koreya, 2-savatchadan esa Eron va Livan, 3-savatchadan Hindiston va Myanma hamda 4-savatdan Vyetnam va Oʻzbekiston oʻrin olgan. Guruhlarda dastlabki ikki oʻrinni egallagan termalar Osiyo chempionatining final bosqichi ishtirokchisiga aylanishadi. Demak, hamyurtlarimizda kamida ikkinchi oʻrin bilan final bosqichiga chiqish imkoniyati mavjud. Avstraliya yoki Janubiy Koreyani ayollar futboli boʻyicha qitʼada yetakchilardan deb hisoblasak, Livan yoki Eron, Hindiston yoki Myanma bilan raqobatlasha olishga kuchimiz ham, salohiyatimiz ham yetadi.
Ikkinchi bosqichdan ham oʻtib olganimizdan soʻng chinakam “janglar” boshlanadi. Saralashdan chiqqan toʻrt jamoaga 2017 yilgi qitʼa chempionatining sovrindorlari – Yaponiya, Shimoliy Koreya, Xitoy hamda turnir mezboni Tayland jamoalari qoʻshilishadi, sakkiz jamoa orasida bahslar start oladi. Musobaqa shu yilning 16-26 oktyabr oraligʻida boʻlib oʻtadi. Sovrinli uchta oʻrin egasi kelasi yili joyi hozircha nomaʼlum boʻlgan Jahon chempionatida qatnashish baxtiga muyassar boʻladi.
Mana shu uchta baxtli jamoa qatorida yurtdoshlarimizning ham boʻlishini istaymiz. Buning uchun imkoniyatlarimiz har galgidanda yuqori. Birinchidan, terma jamoa murabbiylar shtabida oʻz ishining ustalari, yurtimizda ayollar futboliga asos solish va uning shakllanishida hissasi katta boʻlgan mutaxassislar jam boʻlgan. Bosh murabbiy – mamlakatimizda ayollarning toʻp tepishini birinchilardan boʻlib boshlab bergan, hali yurtimizda rasman ayollar futboli boʻyicha jamoalar boʻlmagan, chempionatlar oʻtmagan paytda xorij mamlakatlarida toʻp surgan, tajriba orttirgan, keyinchalik mamlakatimiz jamoalarida oʻynagan, murabbiy boʻlib ishlagan Karima Yoʻldosheva. Katta murabbiy – mamlakatimizda ayollar futboli boʻyicha yangi davrni boshlab bergan “Sevinch” jamoasining tashkil topishi va milliy chempionatimizda oʻn yillab yetakchilik qilishiga, xalqaro musobaqalarda zafar quchishiga, mamlakat terma jamoasining asosini tashkil etishida bosh-qosh boʻlganlardan biri Abdurahmon Yumangulov (unga ayni paytda Maldiv orollari ayollar terma jamoasidan taklif bor). Darvozabonlar boʻyicha murabbiy – aynan “Sevinch” tarkibida oʻn yillardan koʻp vaqt davomida yosh darvozabonlarga gʻoliblik ruhini singdirishda katta vazifani bajargan Oleg Qahhorov. Karima Yoʻldosheva oʻz yoniga shuningdek, tarbiyachi murabbiy sifatida katta tajribaga ega boʻlgan Gulnora Toʻrayeva hamda shifokor Gʻofurjon Joʻrayevni biriktirgan.
Ikkinchidan, terma safidagi qizlarning aksariyatida xalqaro oʻyinlar tajribasi bor. 22 nafarlik tarkibning yarmidan koʻpini U-16 termasi safida koʻplab rasmiy musobaqalarda qatnashgan qizlar tashkil etadi. Aytaylik, hozirgi tarkibdagi Zarina Saidova, Sevara Nurullayeva, Marjona Toʻrayeva, Marina Hikmatova, Ozoda Xojiyeva, Tojiniso Rashidova, Albina Boboqulova, Amina Shodiyeva, Soʻgʻdiyona Allamurodova, Diyora Joʻraboyeva, Diyora Erkinova, Shahrizoda Zaynitdinova 16 yoshlilar termasi tarkibida 2016 yili Vyetnamda boʻlib oʻtgan Osiyo chempionatining birinchi saralash oʻyinlarida uchinchi oʻrinni egallagandi. 2017 yili esa Tojikistonda tashkillashtirilgan KAFA turnirida Eron terma jamoasini 2:0, Hindiston, Pokiston, Qirgʻiziston va Tojikiston termalarini esa yirik-yirik hisoblarda magʻlub etib, bosh sovrin egasi boʻlgan. Eng muhimi, oʻsha paytda ham mazkur termaga Karima Yoʻldosheva ustozlik qilgandi.
Uchinchidan esa, yosh qizlarimizga yaratilib berilayotgan sharoitlar. Agar 2016 yilgi oʻsmir qizlar oʻrtasidagi qitʼa chempionati oldidan termamiz uchun bor-yoʻgʻi besh kunlik yigʻin tashkil etilgan boʻlsa, bu gal yigʻinlar boʻyicha umuman muammolar boʻlmadi. Terma jamoa murabbiylar shtabi qachon va qayerda yigʻin oʻtkazishni istagan boʻlsa, barchasi mutasaddilar tomonidan ijobiy hal etib berilmoqda.
Terma jamoa bosh murabbiyining rejasi asosida oʻtkaziladigan xorijiy yigʻinlarda ham koʻzlangan maqsadlar bor. Turkiyadagi yigʻin davomida mahalliy sport bazalarida shugʻullanish va sparring-raqib sifatida yetakchi ayollar klublari bilan oʻrtoqlik uchrashuvlari uyushtirish uchun manbalar mavjud. Karima Yoʻldosheva 2002 yilgi mavsumda ushbu mamlakatning Bursa shahri sharafini himoya qiluvchi “Dinarsu” jamoasida yordamchi murabbiy boʻlib ishlagan, ular bilan hamon munosabatlar davom etmoqda. Rossiyaning tanlanishi ham bejiz emas. Rossiya ayollar terma jamoasi bosh murabbiyi terma jamoamiz qizlariga SSKA yoki “Spartak” sport manejlaridan foydalanish, lozim boʻlsa Rossiya ayollar termasi bilan oʻrtoqlik uchrashuvi tashkil etib berishga yordam koʻrsatishini bildirmoqda. Sababi bosh murabbiy Yelena Fomina Karima bilan eski qadrdon, 1995 yili Moskvaning “Spartak” jamoasida birga toʻp surishgan...
“Chigʻatoy” sport majmuasida mashgʻulotlar qizgʻin davom ettirilyapti. Yuqorida tilga olgan oʻn ikki nafar qizdan tashqari Nigora Oʻzganova, Laylo Shodiyeva, Husniya Gancheva, Dinara Xudoynazarova, Munisa Gʻiyosova, Arina Smirnova, Gulzoda Saidova, Shahnoza Qurbonova, Mahliyo Nazarqulova, Sabina Omonova, Muxlisa Mardiyeva va Sitora Takabayevalar murabbiylar tomonidan topshirilgan mashqlarni zoʻr ishtiyoq bilan bajarishmoqda. Mahliyo Nazarqulova va Tojiniso Rashidovaga maʼlum sabablarga koʻra murabbiylar dam berishdi, Shahnoza Qurbonova esa Olimpiya termasining Chorvoqdagi “Piramida” majmuasida tashkil etilgan yigʻiniga jalb etildi.
Xullas, ayollar futboli boʻyicha yoshlar va olimpiya terma jamoalarida muhim musobaqalarga tayyorgarlik ishlari koʻngildagidek davom etmoqda.