AYOLLAR FUTBOLI: Mehmonlarga atalgan tur
22-turning olti uchrashuvidan beshtasida mehmonlar zafar quchishdi, faqat bitta oʻyinda mezbonlarning ustunligi kuzatildi.
22-turning olti uchrashuvidan beshtasida mehmonlar zafar quchishdi, faqat bitta oʻyinda mezbonlarning ustunligi kuzatildi.
Ayollar futboli boʻyicha mamlakat chempionatining 22-turida garchi mehmonlarning gʻalabalari kuzatilgan boʻlsa-da, buni kutilmagan holat deb boʻlmaydi. Sababi, mehmonda muvaffaqiyat qozongan jamoalarning aksariyati yetakchilar, turnir jadvalida ham yuqori oʻrinlarda borayotgan jamoalar edi.
Aytaylik, “Metallurg” turnir autsayderi “Qoʻqon-1912”ni Qoʻqonda yirik hisobda magʻlub etdi. Uy-safarning farqi qolmagan “Sevinch”ning Olmaliqda yoki “Shoʻrtan”ning Toshkentda “Paxtakor” ustidan yirik hisoblarda raqibalaridan ustun kelishiga birov shubha qilmagandi. Ammo “Navbahor”ning “Buxoro”da maydon egalarini dogʻda qoldirishini yoki andijonliklarning oʻz maydonida “Bunyodkor”dan ikkita toʻp farqiga yengilishini hamma ham bashorat qilmaganligi rost. Qiziq uchrashuvlardan biri Navoiyda kuzatildi. Maydon egalari oʻz uylarida turnir jadvalida oʻzlaridan uch pogʻona yuqorida turgan “Neftchi”ni magʻlub eta oldi va ikki pogʻona yuqoriga koʻtarilib olishga muvaffaq boʻldi.
Kecha shuningdek, 21-turning qoldirilgan oʻyinida AGMK “Shoʻrtan”ni qabul qildi. Eʼtiborli jihati, gʻuzorliklar mazkur uchrashuvda yirik hisobda magʻlubiyatga uchrashdi.
22-turda qayd etilgan natijalar:
“QOʻQON-1912” - “MЕTALLURG” - 0:4
Gollar: Rushaniya Safina (43), Mohigul Ikromova (48), Diyora Xabibullayeva (57), Nozima Kamoltoyeva (59).
“ANDIJANKA” - “BUNYODKOR” - 0:2
Gollar: Lyudmila Karachik (68), Luiza Sadirova (85-pen.).
“QIZILQUM” - “NЕFTCHI” - 1:0
Gol: Yelena Lagutkina (13).
“BUXORO” - “NAVBAHOR” - 0:2
Gollar: Muxlisa Mardiyeva (21, 24).
AGMK - “SЕVINCH” - 0:3
Gollar: Maftuna Panjiyeva (3-pen.), Gulzoda Amirova (12), Nilufar Qudratova (38).
“PAXTAKOR” - “SHOʻRTAN” - 0:4
Gollar: Ilvina Ablakimova (58), Dinara Miliyeva (65), Xusniya Gʻaniyeva (70), Zebo Joʻrayeva (74).
21-turning qoldirilgan oʻyini:
AGMK – “Shoʻrtan” – 5:1.
Gollar: Komila Zaripova (7, 52-pen.), Dilrabo Asadova (67), Arina Smirnova (71) – Kamola Risqiyeva (75).
Shu tariqa turnir jadvalida sezilarli oʻzgarishlar yuz bermadi. Hamon “Sevinch” jamoasi 61 ochko bilan karvonboshilik qilyapti. “Bunyodkor” jamoasi yetakchidan atigi toʻrt ochkoga ortda qolyapti, uchinchi oʻrinda borayotgan “Shoʻrtan”da esa 51 ochko mavjud. Qolgan jamoalar esa ketma-ketlikda quyidagicha tartibda joylashgan: “Shoʻrtan” 51, “Metallurg” 47, AGMK 45, “Soʻgʻdiyona” 34, “Andijanka” 26, “Paxtakor” 22, “Navbahor” 17, “Neftchi” 17, “Qizilqum” 16, “Lokomotiv” 15, “Buxoro” 11 va “Qoʻqon-1912” 3 ochko.
Chempionat toʻpurarlar bahsida hamon “Sevinch” aʼzosi Nilufar Qudratova oldinda bormoqda, uning hisobida 54ta toʻp bor. “Metallurg” vakili Dildora Nozimova hamda AGMK hujumchisi Komila Zaripovalar raqiblar darvozasini 28 marotabadan ishgʻol etishgan.
Chempionatning navbatdagi 23-tur oʻyinlari 7-oktabrga belgilangan.