AYOLLAR FUTBOLI: Chempionlik masalasi soʻnggi ikki turda maʼlum boʻladi
Navbatdagi turda “Sevinch” gʻalaba qozonsa chempionlikni hal etadi, magʻlub boʻlgan taqdirda barcha masala soʻnggi turga qoladi.
Navbatdagi turda “Sevinch” gʻalaba qozonsa chempionlikni hal etadi, magʻlub boʻlgan taqdirda barcha masala soʻnggi turga qoladi.
Ayollar futboli boʻyicha mamlakat chempionati ham hal qiluvchi pallaga yetib keldi. Oltin va kumush medallarga Qarshining “Sevinch” va Toshkentning “Bunyodkor” jamoalari daʼvogarlik qilayotgan boʻlsa, bronza medallari uchun Bekobodning “Metallurg” va Gʻuzorning “Shoʻrtan” jamoalari kurash olib borishyapti. Boshqa jamoalar sovrinli oʻrinlardan allaqachon umidlarini uzib boʻlishgan.
Boʻlib oʻtgan soʻnggi ikki turda yuqorida tilga olgan toʻrtala jamoalar ham gʻalabalarini taʼminlashdi. “Sevinch” va “Shoʻrtan” klublari oʻz maydonlarida vodiyning “Neftchi” va “Navbahor” jamoalari ustidan yirik hisoblar qayd etishgan boʻlsa, “Bunyodkor” va “Metallurg” jamoalari safarda toʻp surishlariga qaramay maydon egalarini magʻlub etishdi. Ayniqsa, AGMK va “Metallurg” oʻyini qiziqarli kechdi. Har ikkala jamoa ham faqat yutuq uchun harakat qilishdi va buni uchrashuvning soʻnggi daqiqalarigacha isbotlashdi ham. Faqat bosh hakam tomonidan qoʻshib berilgan toʻrt daqiqaning uchinchisida bekobodliklarning omadi kelib qoldi – toʻpurarlar safida borayotgan Dildora Nozimova tomonidan kiritilgan gol “Metallurg”ning bronza uchun kurashish imkoniyatini saqlab qoldi. Qolgan oʻyinlarda deyarli kutilgan natijalar kuzatildi – kuchlilar oʻzlaridan koʻra kuchsizroq boʻlgan jamoalardan ochko ola bildilar.
Ayni paytda vaziyat shundayki, oltin, kumush va bronza medallarning taqdiri chempionatning qolgan ikki turida maʼlum boʻladigan koʻrinadi. Agar “Sevinch” 9 noyabr kuni poytaxtda eng yaqin taʼqibchisi (bor-yoʻgʻi bir ochkoga ortda borayotgan) “Bunyodkor” ustidan gʻalabani tantana qiladigan boʻlsa oʻn uchinchi chempionligini nishonlashni boshlab yuboradi. Mabodo ochko yoʻqotadigan boʻlsa soʻnggi turda “Metallurg”ni yengishi talab etiladi. U holda “Bunyodkor”ning “Shoʻrtan” bilan oʻyini natijasi hech narsani hal etolmay qoladi. Agar “Sevinch” “Bunyodkor”dan yengilgudek boʻlsa, u holda gap faqat “Sevinch”ning oʻzida emas, balki viloyatdoshi “Shoʻrtan”da ham qoladi. Soʻnggi turda “Shoʻrtan” “Bunyodkor”ni “yengib berishi” lozim boʻladi. Gʻuzorliklarning gʻalabasi nafaqat “Sevinch” uchun muhim, balki oʻzlarining bronza medali uchun ham qadrlidir.
Ayni paytda turnir jadvalini 70 ochko bilan “Sevinch” boshqaryapti. “Bunyodkor” 69 ochko bilan ikkinchi oʻrinda bormoqda. Bronza uchun kurashayotgan “Metallurg”da 59, “Shoʻrtan”da esa 57 ochko bor.
Turnir jadvalining quyi uchligini “Qizilqum” (16 ochko), “Buxoro” (11 ochko) va “Qoʻqon-1912” (6 ochko) tashkil etmoqda.
Boʻlib oʻtgan 26-tur oʻyinlarida quyidagi natijalar qayd etildi:
“AGMK-W” — “MЕTALLURG” - 0:1
Gol: Dildora Nozimova (90+3).
“QIZILQUM” — “SOʻGʻDIYONA” - 0:3
Gollar: Albina Boboqulova (51, 55), Sitora Taqaboyeva (70).
“BUXORO” — “LOKOMOTIV” - 0:1
Gol: Jasmina Abduganiyeva (35).
“PAXTAKOR” — “BUNYODKOR” - 0:5
Gollar: Mahliyo Sariqova (4, 6), Tojiniso Rashidova (18, 41), Umida Zoirova (90).
“SЕVINCH” — “NЕFTCHI” - 8:0
Gollar: Gulzoda Amirova (12), Nilufar Qudratova (15, 28, 63, 65), Malika Burxonova (52, 82, 87).
“SHOʻRTAN” — “NAVBAHOR” - 5:1
Gollar: Shoira Qultoʻrayeva (42), Zebo Joʻrayeva (67), Shahzoda Jamolova (70), Ilvina Ablyakimova (74), Dinara Sadaqulova (89) – Zarina Boboyeva (82).
27-tur. 9 noyabr.
“Navbahor” – “Neftchi”
“Bunyodkor” – “Sevinch”
“Metallurg” – “Shoʻrtan”
“Lokomotiv” – AGMK
“Soʻgʻdiyona” – “Paxtakor”
“Andijanka” – “Qizilqum”
“Qoʻqon-1912” – “Buxoro”.