Muddatidan oldin, shuningdek, «Sevinch» kumush, «So‘g‘diyona» jamoasi esa bronza medallari egalariga aylanishdi.
«Bunyodkor» bunday sharafli nomga ayollar oliy ligasining yuqori oltilik jamoalari o‘rtasidagi 14-tur doirasidagi «Metallurg» ga qarshi o‘yindagi g‘alabasi evaziga sazovor bo‘ldi.
Aslida «qaldirg‘ochlar» bayram tantanalarini o‘zlarining doimiy va asosiy raqibi «Sevinch» maydonida nishonlashni niyat qilgandi. Biroq Qarshida o‘tgan mazkur juftlik o‘yinida maydon egalari, aytish mumkinki mavsumdagi eng chiroyli va mazmunli o‘yinlarini ko‘rsatishdi. Mazkur g‘alaba «Sevinch»ning chempionlik yo‘lida so‘nib borayotgan umidini qayta jonlantirdi. Buning uchun «Bunyodkor» navbatdagi turda, o‘z maydonida «Metallurg»dan ham mag‘lub bo‘lishi talab etilardi. Uddalab bo‘lmaydigan ish emasku bu. Axir o‘tgan yili «Bunyodkor»ning bor rejalarini barbod qilgan, orzu-niyatlarini chilparchin qilgan aynan «Metallurg» emasmidi. O‘tgan yilgi shov-shuv bu yil ham takrorlanmasligiga birov kafolat bermayotgandi.
[gallery-73]
Birdaniga sovib ketgan ob-havo ham har ikkala jamoaning futbolchi qizlariga zig‘ircha ham ta’sir qilmadi. O‘yin kutilganidek shiddatli, murosasiz va albatta teng kurashlar ostida o‘tdi. O‘yin taqdirini esa yagona gol hal qildi. Uchrashuv birinchi bo‘limining bosh hakam qo‘shib bergan so‘nggi daqiqalarida mezbonlar tomonidan uyushtirilgan navbatdagi hujumni jamoaning yetakchisi, chempionatning ayni paytdagi to‘purari Lyudmila Karachik gol bilan yakuniga yetkazib qo‘ydi. Ikkinchi bo‘lim ham deyarli teng kuch bilan davom etdi. Lekin darvozalarga boshqa gol kiritilmadi. Shu tariqa «Bunyodkor» o‘z tarixida ikkinchi marotaba mamlakat chempionligini qo‘lga kiritdi.
Bu turda nafaqat chempionlik masalasi, balki kumush va bronza medal egalarining ham nomlari ma’lum bo‘ldi. «Sevinch» o‘z maydonida «So‘g‘diyona»ni qabul qildi va yenga olmadi, durang natija qayd etildi. Ushbu oltilikdagi eng kuchsiz jamoa deya talqin etilayotgan «Paxtakor» AGMKni qabul qildi va yagona gol evaziga yutuqqa erishdi.
Shu tariqa so‘nggi tur oldidan jamoalar to‘plagan ochkolar quyidagicha ko‘rinish oldi:
1.BUNYODKOR 42
2.SEVINCH 36
3.SO‘G‘DIYONA 32
4.METALLURG28
5.AGMK 25
6.PAXTAKOR 20
So‘nggi tur natijalari faqat «Metallurg» va AGMK taqdiriga biroz o‘zgartirish kiritishi mumkin, boshqalarga esa har qanday natija ham o‘z ta’sirini ko‘rsata olmaydi.
Avval xabar berganimizdek, Toshkentda chempionat birinchi davrasi yakuniga ko‘ra ikkiga bo‘lingan jamoalarning quyi oltiligidagilari o‘rtasida ham markazlashgan o‘yinlar davom etyapti. Bunda shu kungacha o‘tkazilgan uch tur yakuniga ko‘ra «Navbahor» hali bironta ham ochko yo‘qotmadi. «Buxoro» va «Lokomotiv» faqat «Navbahor»dan ochko yo‘qotishdi, qolgan ikkita o‘yinda g‘alaba qozonishdi. «Andijanka» va «Qizilqum» ixtiyorlarida bittadan yutuq bor. Bu yilgi chempionatda qatnashishdan maqsad natija emas, balki yuz foiz mahalliy qizlarini maydonga tushirayotgan va bu yil faqat tajriba orttirishni ko‘zlayotgan «Surxon»da hanuz ochko yo‘q.
Oybek YUNUSOV, Muhammad AMIN (surat), O‘zA