Futbol bo‘yicha ayollar o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionati oliy ligasi jamoalari o‘rtasidagi 18-tur o‘yinlari bilan 1-bosqich bahslari nihoyasiga yetdi.
Ushbu turni o‘z maydonida o‘tkazgan Jizzaxning “So‘g‘diyona-Woman” klubi Toshkentning “Paxtakor-Woman” xotin-qizlar jamoasini qabul qildi.
Bellashuvda maydon egalari toshkentliklarga hech qanday imkoniyat qoldirmay, mehmonlar darvozasiga 10 ta javobsiz to‘p yo‘llab, yirik hisobda g‘alaba qozondi.

“So‘g‘diyona-W” – “Paxtakor-W” yakuniy hisob 10:0.
Uchrashuvning “Eng yaxshi futbolchisi” deb “So‘g‘diyona-W” hujumchisi Ana Cheminava topildi.
Birinchi bosqich so‘ngi 18-tur qolgan o‘yinlarida quyidagi natijalar qayd etildi: “Sevinch-W” (Qarshi) – “Bunyodkor-W” (Toshkent)– 0:0, “Lokomotiv-W” (Toshkent) – “Qizilqum-W” (Navoiy) – 5:1, “Neftchi-W” (Farg‘ona) – AGMK-W (Olmaliq) – 0:6, “Metallurg-W” (Bekobod) – “Navbahor-W” – 6:2.

Endi birinchi bosqichda bahs olib borgan 10 jamoa 5 tadan 2 guruhga bo‘linib, 2-bosqich o‘yinlariga kirishadi.
Yuqori beshlikdan o‘rin olgan “Sevinch-W”, “Bunyodkor-W”, “So‘g‘diyona-W”, AGMK-W hamda “Paxtakor-W” chempionlik uchun, quyi beshlikdagi “Lokomotiv-W”, “Qizilqum-W”, “Neftchi-W”, “Metallurg-W” hamda “Navbahor-W” oliy ligada o‘zaro bir martadan o‘yin o‘tkazadi.

Birinchi bosqich o‘yinlaridan so‘ng “So‘g‘diyona-W” jamoasi hujumchisi Diyora Habibullayeva 35 gol bilan peshqadam bo‘lib turibdi.
2-bosqich o‘yinlari 21 oktyabr kuni boshlanib, 25 noyabr kuni nihoyasiga yetadi.
A.Qayumov, O‘zA