Futbol bo‘yicha ayollar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati oliy ligasi jamoalari 11-tur o‘yinlarini o‘tkazdi.
Jizzax shahrida O‘zbekistonning amaldagi chempioni va kubogi sohibi, joriy mavsumda ham karvonboshilikni qo‘ldan bermay kelayotgan “So‘g‘diyona-Woman” xotin-qizlar jamoasi Farg‘onaning “Neftchi-Woman” klubini o‘z maydonida qabul qildi.
Uchrashuvga “Neftchi-W” ayollar jamoasi alohida tayyorgarlik ko‘rganligini o‘yinning birinchi bo‘limida namoyish eta oldi. Bellashuvning 38-daqiqasida farg‘onalik Dilnavoz Karimova jizzaxlik himoyachilar xatosidan unumli foydalanib, hisobni ochdi – 0:1.
Tanaffusdan so‘ng “So‘g‘diyona-W” faollashdi.

Natijada ikkinchi bo‘limning 1-daqiqasidayoq jizzaxlik Maftuna Panjiyeva raqibalari darvozasini ishg‘ol etib, o‘rtadagi muvozanatni tikladi – 1:1. Oradan 3 daqiqa o‘tib “So‘g‘diyona-W” klubi a’zosi Nozima Kamoltoyeva chamasi 17 metrlar olislikdan zarb bilan tepgan to‘pi farg‘onaliklar darvozasi to‘ridan joy oldi – 2:1. Jizzax jamoasining yana bir iqtidorli futbolchisi Dildora Ergashevaning “Neftchi-W” klubi darvozasiga kiritgan golidan so‘ng hisob 3:1 ga o‘zgardi. Jizzaxlik futbolchi qizlarning kuchli bosimi natijasida “Neftchi-W” futbolchisi Dinara Xudoynazarova o‘z darvozasini ishg‘ol qilib qo‘yib, farg‘onaliklarni bu galgi yirik mag‘lubiyatiga sababchi bo‘ldi. “So‘g‘diyona-W” – “Neftchi-W” yakuniy hisob 4:1.

Peshqadamlardan yana biri “Bunyodkor-W” klubi Toshkentda Navoiyning “Qizilqum-W” klubi ustidan juda qiyin g‘alabaga erishdi – “Bunyodkor-W” – “Qizilqum-W” – 1:0.
Namanganning “Navbahor-W” jamoasiga qarshi to‘p surgan Qarshining “Sevinch-W” klubi qizlari mezbon dugonalarini ayab o‘tirmadi. “Navbahor-W” – “Sevinch-W” – 0:12.
O‘z maydonida to‘p surgan Toshkentning “Lokomotiv-W” klubi xotin-qizlari esa turdan-turga o‘sib borayotgan Olmaliqning AGMK – jamoasini o‘z maydonida qabul qilib, yirik – 0:6 hisobida imkoniyatni boy berdi.
Bekoboddagi bahsda “Metallurg-W” Toshkentning “Paxtakor-W” klubiga – 2:3 hisobida yutqazdi.
O‘tkazilgan 11 o‘yindan so‘ng “So‘g‘diyona-W” 29 ochko jamg‘argan holda peshqadam bo‘lib turibdi. “Bunyodkor-W” 28 ochko bilan turnir jadvalida 2-, “Sevinch-W” esa 26 ochko bilan 3-pog‘onani egallab turibdi. Namanganning “Navbahor-W” ayollar jamoasi esa 1 ochko jamg‘argan holda turnir jadvalining so‘ngi pog‘onasida bormoqda.
A.Qayumov, O‘zA