Toshkent tumani hokimligida O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi hamkorligida “Ayol — jamiyat ko‘zgusi” mavzusida psixologik seminar-trening tashkil etildi.
Mazkur tadbir jamiyatda ayollarning o‘rni va mavqeini mustahkamlash, ularning ruhiy salomatligini qo‘llab-quvvatlash hamda ijtimoiy faolligini oshirishga qaratildi. Seminar davomida ishtirokchilarga oilaviy munosabatlarda sog‘lom muloqotni yo‘lga qo‘yish, stressni boshqarish, shaxsiy rivojlanish va o‘ziga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.

Ishtirokchilar va mutaxassislar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan savol-javoblar jarayoni qiziqarli va mazmunli o‘tdi. Mutaxassislar barcha savollarga batafsil va tushunarli javob berdi. Trening interfaol usulda o‘tkazilib, unda guruhiy mashqlar hamda psixologik testlardan foydalanildi.

Mutaxassislar tomonidan ayollarning jamiyat taraqqiyotidagi hissasi, shuningdek, oilada sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirishdagi o‘rni alohida ta’kidlandi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, bunday seminarlar ayollarning ruhiy barqarorligini ta’minlash, jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash, huquqiy savodxonligini oshirish hamda ijtimoiy faolligini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA