Bugun xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ularning jamiyat hayotidagi o‘rni va faolligini oshirish masalasi alohida ijtimoiy ahamiyat kasb etmoqda. Chunki ayolning iqtisodiy mustaqilligi, ijtimoiy faolligi va kasbiy salohiyati — avvalo oila barqarorligi, qolaversa, jamiyat taraqqiyotining muhim omillaridan biridir.
Shu ma’noda, mamlakatimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni kasb-hunarga o‘qitish, bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka keng jalb etish, ehtiyojmand ayollarga ijtimoiy yordam ko‘rsatish, gender tenglikni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar tizimli va izchil tus olmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 7 martdagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 8 noyabrdagi qarori bu boradagi davlat siyosatining huquqiy va amaliy poydevorini mustahkamladi. Mazkur hujjatlarda belgilab berilgan vazifalar ijrosiga Jizzax viloyatida ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
[gallery-27217]
Xususan, ushbu farmon va qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Jizzax viloyatining Do‘stlik tumanida “Tadbirkor ayollar markazi” foydalanishga topshirildi. Loyihani amalga oshirish uchun respublika byudjetidan 1 milliard 500 million so‘m mablag‘ ajratilib, zamonaviy talablarga javob beradigan, to‘liq jihozlangan markaz barpo etildi. Bu — xotin-qizlar bandligini ta’minlashga qaratilgan amaliy qadam deyish mumkin.
Ayni paytda markazda go‘zallik saloni, tikuvchilik sexi, yarim tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish sexi, massaj xonasi hamda fitnes zali faoliyat yuritmoqda. Eng muhimi, bu yerda ayollar nafaqat mehnat qilish, balki kasb o‘rganish, o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish imkoniyatiga ega bo‘lishyapti.
Tahlil shuni ko‘rsatmoqdaki, bunday markazlar xotin-qizlarni ish bilan ta’minlashdan tashqari, ularning ijtimoiy faolligini oshirish, o‘z kuchiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash, tadbirkorlik tafakkurini shakllantirishda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu esa islohotlarning qog‘ozda emas, hayotda samara berayotganini anglatadi.
Zero, xotin-qizlarning faol jamiyat a’zosiga aylanishi — barqaror taraqqiyot va farovon kelajakning ishonchli kafolatidir.
A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari