Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ayollar doimo davlatimiz va xalqimiz ardog‘ida
12:53 / 2023-03-08

Buxoro viloyati Qorako‘l tumanidagi “Muhtasham” tantanalar majmuasida faol xotin-qizlar, ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan oilalar bekalari, tabarruk onaxonlar ishtirokida bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda tuman hokimi Xurshid Tohirov ishtirokchilarni 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan samimiy muborakbod etdi. bugungi kunda xotin-qizlar tumanning ijtimoiy-siyosiy, siyosiy-iqtisodiy hayotidagi barcha sohalar xususan, davlat boshqaruvi va vakillik organlarida, ishlab chiqarish, tadbirkorlik, fermerlik, sog‘liqni saqlash, fan, ta’lim, madaniyat sohalarida samarali mehnat qilib, yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shayotganligi tuman hokimi tomonidan alohida ta’kidlandi.

Qayd etilganidek, “Hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmaydi” degan ezgu tamoyil asosida birgina o‘tgan 2022 yilda tumanda 3 300 dan ortiq xotin-qizlarga ijtimoiy-iqtisodiy, tibbiy, huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatildi. Boquvchisini yo‘qotgan ayollarning farzandlari uchun bog‘cha xarajatlari byudjetdan qoplandi. “Yoshlar daftari” ga kiritilgan 251 nafar talaba qizlarga shartnoma pullarining yarmi to‘lab berildi.

Ayollar bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida 13 ming nafardan ortiq xotin-qizlarning bandligi ta’minlandi. Oilaviy tadbirkorlik orqali o‘zini o‘zi band qilish istagida bo‘lgan 1650 nafar ishsiz xotin-qizlarga 16 milliard so‘m miqdorida imtiyozli kredit ajratildi. 658 nafar ayollarga zamonaviy tikuv mashinalari, 49 nafariga inkubator berildi. 69 nafariga issiqxonalar subsidiya asosida qurib berildi. Uy-joyi ta’mirga muhtoj 25 nafar xotin-qizlarning xonadonlari ta’mirlab berildi.Uy-joyga muhtoj bo‘lgan 18 nafar xotin-qizlarga esa uy-joy ajratildi.

O‘z mehnati bilan el-yurt orasida hurmat-e’tibor qozongan tuman xotin-qizlari mehnati hamisha davlatimiz tomonidan munosib taqdirlanib kelinayotganligi aytildi. O‘tgan davr mobaynida o‘zining fidokorona mehnati tufayli davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlangan xotin-qizlarning nomlari birma-bir yodga olindi. Joriy yilgi bayram arafasida ular safiga Prezidentmizning "8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan mukofotlash to‘g‘risida" gi farmoniga asosan “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan “Xosiyatli Qorako‘l nuri” mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischisi Rajabova Marhabo Muhammadiyevna va o‘zining uzoq yillik samarali mehnati bilan oilalarning shakllanishiga va mustahkamlanishiga qo‘shgan munosib hissasi uchun “Mo‘’tabar ayol” ko‘krak nishoniga munosib ko‘rilgan Do‘rman mahallasida yashovchi Salimova Zulfiya Hamdamovnalar ham qo‘shilgani alohida e’tirof etildi.

–Fursatdan foydalanib ushbu qutlug‘ bayram arafasida davlatimizning yuksak orden va nishonlari bilan taqdirlangan ikki nafar tumandoshlarimizni ushbu yuksak e’tiroflar bilan tumanimiz faollari, keng jamoatchilik hamda o‘z nomimdan muborakbod etaman,– dedi tuman rahbari o‘z tabrigida.

Shundan so‘ng tumanning iqtisodiy, ijtimoiy, ilmiy, ma’naviy salohiyatini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh faol xotin-qizlar tuman hokimligining tashakkurnomasi va qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandi.  

 

Zarif Komilov,  

O‘zA muxbiri