Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ehtiyojmand xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish maqsadida joriy qilingan “Ayollar daftari”ning yuritib kelinayotgani yuritimizda ko‘plab oilalarga naf keltirmoqda.
Jumladan, Namangan viloyatining Uychi tumanidagi “Gumbaz” mahalla fuqarolar yig‘ini, “O‘yingoh” ko‘chasi, 164-uyda yashovchi Muhayyo Ahmedova ham turmush o‘rtog‘i yo‘qligi, uy-joyga muhtoj oila sifatida MFY tomonidan “Ayollar daftari”da qayd etilgan edi.
Turmush zarbasiga uchragan yolg‘iz ayol farzandi A.G‘. bilan ayni vaqtga kelib, ota-onasining uyida yashab kelayotgan edi. Ammo oila katta bo‘lgani bois bir hovlida qiynalishayotgan edi.
Muhayyo Ahmedovaning yashash sharoiti bilan tanishib chiqqan Uychi tumani hokimligi va tuman prokurori mas’ul ikkinchi sektor tomonidan ayolga yaqindan yordam berish choralari belgilandi. Unga tumandagi Tepasaroy mahallasi hududidan turar-joy qurish uchun 0,04 ga yer maydoni ajratildi. Qisqa muddatlarda homiylar yordamida qurilish ashyolari olinib, uy-joy qurilish ishlari boshlangan edi. Biroq moliyaviy muammolar sababli xayrli ishlar to‘xtab qolgandi.
Mavjud holatni o‘rgangan viloyati hokimligi va “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi mutasaddilari yolg‘iz ayolga amaliy yordam ko‘rsatishga qaror qildi. “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limining “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi orqali zarur bo‘lgan mablag‘lar ajratildi. Qishning yog‘in-sochin kunlari boshlangunga qadar Muhayyo Ahmedovaga uy-joyini qurib bitkazishiga yordam beriladigan bo‘ldi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA