Yurtimizda yoshlarni, xususan, xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularni kasb-hunarga o‘qitish va yangi ish o‘rinlari bilan ta’minlash, muammolarini o‘z vaqtida bartaraf etish yuzasidan maqsadli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 8 yanvardagi “Xotin qizlarni har tomonlama ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida Navoiy viloyati sudlari tomonidan o‘zlari yashab turgan, shuningdek, faoliyat ko‘rsatayotgan hududlarda sektor rahbarlari, tuman, shahar adliya bo‘limlari, davlat xizmatlari agentligi, advokatura, majburiy ijro byurosi, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlari va boshqa tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda “Ayollar daftari” ro‘yxatiga kiritilgan xotin-qizlarga huquqiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Navoiy viloyat tumanlararo, tuman, shahar sudlari va ma’muriy sudlar raislari hamda sudyalari ishtirokida viloyatning barcha hududlarida “Ayollar daftari” ro‘yxatiga kiritilgan huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy tomondan ko‘makka muhtoj bo‘lgan xotin-qizlar qabuli tashkil etildi.
Mazkur qabul jarayonida “Ayollar daftari”ga kiritilgan 181 nafar xotin-qizlarning muammolari o‘rganildi. Natijada 24 ta holatda xotin-qizlarning muammolari joyida ijobiy hal qilindi.
“Ayollar daftari”ga kiritilgan, ammo “Sayyor qabul”ga kelishining imkoni bo‘lmagan xotin-qizlarning yashash xonadoniga borib xabar olindi, muammolari o‘rganildi. Murojaatlarning 39 tasi sud-huquq sohasiga, 97 tasi ijtimoiy masalalarga oid bo‘lib, 21 nafar fuqaroga huquqiy maslahatlar berilgan.
Jumladan, aliment pullarini undirish bo‘yicha murojaat qilgan Qiziltepa tumani “Uzilishkent” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi G.U.ga qarzdor Z.Q.dan sud tomonidan berilgan huquqiy tushuntirishlar natijasida 9 million 210 ming so‘m, qarzdordan Karmana tumani “Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi G.A.ga aliment qarzdorligining 10 million so‘m qismi undirib berildi.
Shuningdek, Jinoyat ishlari bo‘yicha Konimex tuman sudi raisi F.Qahhorov tomonidan tumandagi “Ayollar daftari”ga kiritilgan, imkoniyati cheklangan 5 nafar nogiron va kasalmand xotin-qizlarning ijtimoiy ahvolidan xabar olinib, ularga moddiy yordam ko‘rsatildi.
Ushbu sayyor qabulning mantiqiy davomi sifatida sud raislarining tashabbusi bilan “Ayollar daftari”ga kiritilgan, Konimex tumani, “Sho‘rtepa” mahallasida yashovchi fuqaro Safarova Gulchehraga nogironlik aravachasi topshirildi.
Ochiq muloqot va tag‘ibot tadbirlari davom etmoqda.
Abduvali BO‘RIEV, O‘zA