Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning davlat va jamiyat hayotidagi ishtirokini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan brifing o‘tkazildi.
Qo‘mita axborot xizmati rahbari Saodat Boymirzayeva bugungi kunda mamlakatimizda xotin-qizlarga har qachongidan ham ko‘proq e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Joriy yil 9 oyi davomida “Ayollar daftari”ning 4-bosqichiga kiritilgan 1 million 680 nafar ehtiyojmand xotin-qizlarning 929 ming 813 nafariga turli darajada yordamlar ko‘rsatildi. Xususan, 425 ming 760 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin-qizlardan 414 ming 849 nafari yangi ish o‘rinlari va jamoat ishlariga joylashtirildi. 44 ming 956 nafar ayolga tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishi uchun imtiyozli kreditlar ajratildi.
225 ming 532 nafar boquvchisi bo‘lmagan ehtiyojmand xotin-qizlardan 198 ming 541 nafariga bir martalik moddiy yordam berildi. Shundan, 3 ming 212 nafarining uy-joyi ta’mirlab berildi. 202 ming 897 nafar ijtimoiy yordamga muhtoj 1- va 2-guruh nogironligi bo‘lgan shuningdek, tezkor tibbiy muolajaga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlardan 181 ming 812 nafariga bir martalik moddiy yordam ko‘rsatildi.
Shundan, 1 ming 884 nafarining uy-joyi ta’mirlab berildi. 9 ming 128 nafar uy-joyga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlarning 7 ming 875 nafariga yordam ko‘rsatilgan. 87 ming 741 nafar qaramog‘ida nogironligi bo‘lgan farzandi mavjud ehtiyojmand ayollardan 81 ming 780 nafariga moddiy yordamlar berildi. Shundan, 4 ming 160 nafariga tomorqadan unumli foydalanishi uchun amaliy hamda moddiy yordamlar ko‘rsatildi.
Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning davlat va jamiyat hayotidagi ishtirokini oshirish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2011 yil 19 dekabrdagi rezolyutsiyasiga asosan 11 oktyabr – Xalqaro qizlar kuni sifatida dunyoning ko‘plab davlatlarida, jumladan, bizning mamlakatimizda keng nishonlanib kelinmoqda.
Shu munosabat bilan tegishli tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlikda joriy yilning 11 oktyabriga qadar “Qizlar – millat tayanchi” shiori ostida “Sening tashabbusing – sening kelajaging uchun” mavzuida hududiy va respublika forumi o‘tkaziladi.
Shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2007 yil 18 dekabrdagi “Qishloq hududlarida ayollarning ahvolini yaxshilash to‘g‘risida”gi rezolyutsiyasi bilan 15 oktyabr – “Xalqaro qishloq ayollari kuni” sifatida e’lon qilingan bo‘lib, mazkur sana mamlakatimizda ham keng nishonlanmoqda.
Vazirlar Mahkamasining “Mamlakatimizda “15 oktyabr – Qishloq ayollari kuni”ga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish to‘g‘risida”gi tegishli bayoniga muvofiq “Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va qishloq xo‘jaligini innovatsion rivojlantirishda xotin-qizlarning o‘rni” mavzusida xalqaro forum o‘tkazish, fermer va uy xo‘jaliklarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish va qayta ishlashga munosib hissa qo‘shayotgan xotin-qizlarga bag‘ishlangan “Qishloq ayolining muvaffaqiyatli yo‘liga nazar” nomli kitoblarni chop etish, joylarda barcha darajadagi davlat boshqaruvi organlari rahbarlarining qishloq hududlaridagi o‘z mahallalarida ayollar bilan ochiq muloqotlarini o‘tkazish va boshqa qator tadbirlar nazarda tutilmoqda.
N.Usmonova, O‘zA