Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Ayollar daftari”ga kiritilgan 5 ming 394 nafar ayolga yordam ko‘rsatildi
16:41 / 2026-01-13

Mamlakatimizda aholining turmush sharoitlarini yaxshilash, xalqimizning hayotdan rozi bo‘lib yashashlarini ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

Ayniqsa, xotin-qizlar, “Ayollar daftari”ga kiritilgan opa-singillarimizni qo‘llab-quvvatlash, huquqiy himoyasini mustahkamlash, bandligini ta’minlash, ularni qiynayotgan muammolarni hal etish, xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb etish orqali daromadlarini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mazkur yo‘nalishda Izboskan tumanida ham e’tiborga molik ishlar amalga oshirildi. 

Yakunlangan 2025 yilda Izboskan tumanidagi 61 ta mahallada istiqomat qiluvchi 30 yoshdan yuqori bo‘lgan 34 ming nafarga yaqin xotin-qiz ishchi guruhlar hamda mahalla yettiligi hamkorligida xatlovdan o‘tkazildi. Xatlov yakunlariga ko‘ra, ularning 5 ming 410 nafari “Ayollar daftari”ga kiritildi. Daftarga kiritilgan ayollar olti toifaga ajratilib, har bir toifa bilan bevosita va manzilli ishlar olib borildi. 

– Yil davomida daftarga kiritilgan ayollar bilan reja asosida tizimli ishlar olib borildi, – deydi Izboskan tumani hokimining o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Shohidaxon Azizova. – Natijada 5 ming 394 nafar ayolga zarur yordamlar ko‘rsatildi.  

 “Ayollar daftari” bo‘yicha 1-toifaga kiritilgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj 3 ming 32 nafar ishsiz xotin-qizning bandligi ta’minlandi. Shuningdek, 2-toifadagi tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan 90 nafar xotin-qizning 38 nafariga tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun kreditlar ajratilgan bo‘lsa, 52 nafari tadbirkorlik va kasb-hunarga o‘qitildi.

Bundan tashqari, uchinchi toifadagi boquvchisi bo‘lmagan 963 nafar ehtiyojmand xotin-qizning har biriga “Ayollar daftari” jamg‘armasi hisobidan 750 ming so‘mdan, jami 722  million 250 ming so‘m miqdorida moddiy yordam ko‘rsatildi.

To‘rtinchi toifada turuvchi, ijtimoiy yordamga muhtoj I va II guruh nogironligi bo‘lgan, shuningdek, tezkor tibbiy muolajaga muhtoj 1 ming 26 nafar ehtiyojmand xotin-qizga “Ayollar daftari” jamg‘armasi hisobidan 769,5 million so‘m miqdordagi moddiy yordamlar ko‘rsatildi.

 “Ayollar daftari”ning 5- va 6- toifasiga kiruvchi, uy-joyga muhtoj hamda qaramog‘ida nogiron farzandi bo‘lgan 282 nafar ehtiyojmand ayolga 211,5 million so‘m miqdorida moddiy yordam ajratildi. 

Tumanda joriy yilda ham xotin-qizlarning muammolarini aniqlash va hal etish, ayniqsa, ehtiyojmand ayollarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilishi belgilangan. 

Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA muxbiri