Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"Ayollar daftari"da turganlarga yordam ko‘rsatildi
10:47 / 2024-12-08

Boyovut tumanida ijtimoiy ahvoli va turmush sharoiti og‘ir, ishsiz va ijtimoiy faol bo‘lmagan xotin-qizlarni ijtimoiy – huquqiy, psixologik, tibbiy va moddiy qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Ana shu ishlarning uzviy davomi sifatida  kuni kecha  tikuvchilik, umumiy ovqatlanish yo‘nalishida tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ymoqchi  bo‘lgan 7 nafar "Ayollar daftari"da turgan ayolga 56 million 500 ming so‘m miqdoridagi subsidiya mablag‘i hisobidan tikuv mashinasi, overlok, gaz plita, muzlatkich, go‘sht qiymalagich, mikser taqdim etildi.

–Bu boradagi ishlar yil davomida amalga oshirildi. Buning natijasida ishsiz va daromadsiz, ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarimiz ham ishli, ham daromadli bo‘lyapti. Erkak kishiga nisbatan ayol kishi ko‘p vaqtini uyda o‘tkazadi. Bunday  vaqtlarda foydali ish bilan shug‘ullanish  oilaning daromadi ortishiga, eng asosiysi, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishga yordam beradi. Oila risoladagidek bo‘lsa, erkak o‘z ishi, ayol o‘zi qiziqqan foydali kasb bilan shug‘ullanadi. Ana shunda muammolarga o‘z-o‘zidan yechim topilib, oilalarda tinchlik-xotirjamlik hukm so‘radi,–dedi Boyovut  tuman hokimi o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i  Mehriniso Eshonxonova.  

Tumanda "Ayollar daftari"da turgan, subsidiya  mablag‘i hisobidan o‘z biznesini yo‘lga qo‘ygan va daromad topayotgan ayollar ko‘p. Ular inson qadri ulug‘lanayotgan  yurtda yashayotganidan, ko‘rsatilayotgan e’tibordan mamnun.  

Bundan tashqari,  tumanda  ishsiz xotin-qizlar va ularning muammolarini aniqlash, bartaraf etish va nazoratini olib borish maqsadida ma’lumotlar bazasi yuritilib, ularga  qonunchilikda belgilangan tartib bo‘yicha yordam ko‘rsatilyapti.

–Ko‘pdan buyon  tikuvchilik yo‘nalishida o‘z faoliyatimni yo‘lga qo‘yishni reja qilardim. Ammo tikuv mashinasi, overlok, dazmol ololmayotgandim. Kuni kecha bu orzumga erishdim. Tuman hokimligi oila va xotin qizlar bo‘limi tomonidan o‘zim istaganimdan-da yaxshiroq, zamonaviy tikuv mashinasi, overlok va dazmol berishdi. Bu esa, qo‘shimcha daromad topishimda, tikuvchilik yo‘nalishida o‘z biznesimni yo‘lga qo‘yishda qo‘l keladi,–deydi Sanobar Nasimova.

– Ayolning hayotdan ko‘ngli to‘lsa, xonadoni farishtali, farzandlari baxtiyor bo‘ladi, ertangi kunga ishonch ortadi,–deydi hokim o‘rinbosari Mehriniso Eshonxonova. – Shunday ekan, mavjud muammolarni  o‘rganish, belgilangan  vazifalarni bajarish  davom etaveradi.

G‘ulom  Primov,

O‘zA muxbiri