Ayol – ona, u kelajak avlod tarbiyachisi. Shu jihatdan qaralganda mamlakatimizda xotin-qizlarning rolini oshirish, gender tengligini ta’minlash borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani e’tiborga molik.
Qayd etish kerakki, bizning jamiyatda ayol-qizlar har doim ham o‘z muammolarini ochiq-oydin aytavermaydi. Bu ham ko‘pgina muammolarning o‘z yechimini topmasligiga sabab bo‘ladi.
Shuning uchun davlatimiz rahbari tashabbusi bilan har bir mahallaga kirib, xalq bilan bevosita muloqot qilish orqali «Temir daftar», «Yoshlar daftari», «Ayollar daftari» kabi qat’iy ro‘yxatga olish asosida ijtimoiy himoyani amalga oshirish yo‘lga qo‘yildi.
Prezidentimiz «Ayollar daftari»ni yuritish orqali xotin-qizlarni ijtimoiy-huquqiy va psixologik qo‘llab-quvvatlash, kasb-hunarga o‘rgatish va bandligini ta’minlash ishlarini samarali tashkil etish vazifasini qo‘ydi.
Shundan kelib chiqib, Andijon viloyatida ishsiz va ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollarni aniqlash, «Ayollar daftari»ni shakllantirish, ayollar bandligini ta’minlash va muammolarini hal etish yuzasidan nazorat tadbirlari olib borilmoqda.
Aniqlanishicha, 3 million 127 ming nafardan ortiq viloyat aholisining yarmidan ko‘pini ayollar tashkil etadi. Hududlarda «Ayollar daftari»ni shakllantirish yuzasidan o‘rganish o‘tkazildi.
Natijada 29 ming 587 nafar ayolning muammolari aniqlanib, ular «Ayollar daftari»ga kiritildi. Shundan 22 ming 728 nafari ijtimoiy himoyaga muhtoj, ishsiz, 3 ming 663 nafari tibbiy himoyaga muhtoj, ehtiyojmand, 864 nafari huquqiy yordam olishga muhtoj, 756 nafari boquvchisini yo‘qotgan, 616 nafari psixologik maslahatga muhtoj, 527 nafari qaramog‘ida nogiron farzandi bor yolg‘iz ayol, 302 nafari ijtimoiy himoyaga muhtoj nogiron, 28 nafari uy-joyini ta’mirlashga muhtoj 1-guruh nogironi va 19 nafari noturar joylarda istiqomat qilayotgan, o‘zining yoki birgalikda yashovchi oila a’zolarining nomida turar joy mavjud bo‘lmagan ayollar ekanligi aniqlandi.
Hozirgi kunda 1 ming 574 nafar ayolga tadbirkorlik faoliyati uchun kredit ajratildi. 3 ming 43 nafarining bandligi ta’minlandi. 684 nafari kasb-hunarga o‘qitildi. Yashash joyi bilan ta’minlash bo‘yicha 622 nafar, sog‘liqni saqlash bo‘yicha
926 nafar, farzandlariga nafaqa, aliment, moddiy yordam berish bo‘yicha 5 ming 89 nafar, 915 nafariga huquqiy, 401 nafariga psixologik yordamlar ko‘rsatildi.
Viloyat prokurori, 2-sektor rahbari G.Fozilovning sa’y-harakati bilan Marhamat va Jalaquduq tumanlarida ishsiz ayollar va yoshlar bandligini ta’minlash maqsadida «Mehnat turizmi» tashkil etildi. Marhamat tumanidagi «Barhayot Nozimjon fayzi», «Marhamat tekstil» trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarish va “Afghan bazar silk carpets Andijan” gilam mahsulotlari ishlab chiqarish korxonalariga 15 nafardan, «Kasaba hamkor tekstil» korxonasiga 30 nafar hamda Jalaquduq tumanidagi «Andi – Billur Teks» korxonasiga 11 nafar, jami 86 nafar ishsiz ayol va yoshlar ishga joylashtirildi.
Marhamat tumanida kasb-hunarga o‘qish xohishini bildirgan
314 nafar ayol tumandagi tikuvchilik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi «Barhayot Nozimjon fayzi» mas’uliyati cheklangan jamiyatida kasb-hunarga o‘qitildi.
Bo‘ston tumanida M.Dehqonovaning va Ulug‘nor tumanida M.To‘xtaboyevalarning tikuvchilik yo‘nalishida tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun 30 million so‘mdan kredit ajratildi va 10 ta ish o‘rni yaratildi.
Xonobod shahrida 108 nafar ayol chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi, 6 nafariga viloyat shifoxonalarida davolanishi uchun yo‘llanma berildi. 10 nafariga dori-darmonlar, yana 10 nafariga protez-ortopediya moslamalari berildi.
Shahrixon tumanida 301 nafar ayolga huquqiy maslahat berilib, ularning muammolarini ijobiy hal etish chorasi ko‘rildi. Shu kabi o‘rganishlarda prokuratura organlari tomonidan 375 nafar ayolning buzilgan huquqlari tiklandi.
Qayd etish kerakki, xotin-qizlarni ijtimoiy-huquqiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha olib borilayotgan bunday keng ko‘lamli ishlar opa-singillarimizning hayotdan, jamiyatdan rozi bo‘lishlariga xizmat qilmoqda.
Otabek G‘ulomov,
Andijon viloyati prokuraturasi
bo‘lim prokurori