English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Ayollar daftari” imtiyoz emas, imkoniyat
16:37 / 2023-06-01

Farg‘ona viloyati Yozyovon tumani “Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi O‘g‘iloy Yigitaliyevaning tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yishida subsidiya asosida olib berilgan tikuv mashinasi muhim ahamiyat kasb etdi. Uy sharoitida “ustoz-shogird” an’anasi asosida tikuvchilik sexini ochgan tadbirkor 10 nafar xotin-qizni ish bilan ta’minladi. Yaratilgan imkoniyatdan maqsadli foydalanib, ish yuritayotgan bu ayolga bugun ko‘pning havasi keladi.

–“Ayollar daftari” imtiyoz emas, balki katta imkoniyat, – deydi tumandagi Xonobod mahallasida yashaydigan Odinaxon Oxuntosheva. – Yoshligimdan tikuvchilik, to‘quvchilikka qiziqaman. Ammo, ishlab chiqarish uchun kerakli bo‘lgan mablag‘, xom ashyo xarid qilish imkoniyatini topa olmayotgan edim. Mutasaddilar bilan bo‘lib o‘tgan suhbatda maqsadlarimni bayon qildim. Menga 33 million so‘m imtiyozli kredit berildi. Ishlarimiz juda yaxshi ketyapti. Nafaqat o‘zim, mahallamizdagi 6 nafar xotin-qizlarni ham ish bilan ta’minladim. Ayni kunda faoliyat ko‘lamini yanada kengaytirish, ishchilar sonini ko‘paytirish ustida ish olib boryapmiz.  

Muhimi, berilgan imtiyozlardan foydalanib, kambag‘allikdan chiqib, farovon yashayotgan oilalar kundan kunga ko‘paymoqda. Shu kunga qadar viloyatda “Ayollar daftari” ga kiritilgan 79 ming 463 nafar barcha toifadagi xotin-qizlarga tegishli tartibda yordam ko‘rsatildi. Buning uchun Respublika va mahalliy byudjet hamda boshqa manbalar hisobidan 104,5 milliard so‘m mablag‘ sarflandi.

M.Sulaymonov, O‘zA