English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ayolga e’tibor – oilaga, jamiyatga e’tibor
11:33 / 2024-01-16

Samarqand viloyatidagi mahallalarda ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning manfaatlarini himoya qilish maqsadida “Ayollar daftari”ning beshinchi bosqichini shakllantirishga kirishildi.

Mamlakatimizda aholining ijtimoiy ko‘makka muhtoj qatlamini manzilli himoya qilish maqsadida yaratilgan tizim – “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” mahallalardagi kam ta’minlangan oilalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, hayotning turli sinovlari tufayli qiynalib qolgan yurtdoshlarimizga davlat tomonidan ko‘mak berish, ularning hayotini izga tushirishda muhim rol o‘ynamoqda.

– “Ayollar daftari”ni shakllantirish va unda qayd etilgan opa-singillarimizga manzilli yordam berishga oila va xotin-qizlar qo‘mitasi bilan birga O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi ham mas’ul hisoblanadi, – deydi O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasining Samarqand viloyati kengashi raisi Suhrob Rafiqov. – Bu yil beshinchi yildirki, ushbu yo‘nalishda hamkorlikda ish olib boryapmiz. O‘tgan yil, ya’ni to‘rtinchi bosqichda mahallalardagi “Ayollar daftari”ga olti toifa bo‘yicha  108 ming 538 nafar xotin-qiz kiritilgan edi. Yil davomida amalga oshirilgan ishlar natijasida ulardan 108 ming nafardan ortig‘ining muammolari hal etildi, qolganlari bilan manzilli ishlanmoqda. Xususan, ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan 35 ming nafar ishsiz xotin-qizning bandligi ta’minlandi, 4198 nafariga tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishi uchun jami 38,7 milliard so‘m miqdorida kredit ajratildi. Boquvchisini yo‘qotgan, ijtimoiy yordamga muhtoj bo‘lgan 33 ming 758 nafar xotin-qizga 22,2 milliard so‘m miqdorida moddiy yordam berildi. Shuningdek, 396 nafar ayolning turarjoy uchun 691 million so‘m ijara kompensatsiyasi to‘lab berildi, 103 nafari arzon uy-joy bilan ta’minlandi, 3510 nafar ayolning uy-joyini ta’mirlash uchun 5,3 milliard so‘m mablag‘ sarflandi. I va II guruh nogironligi bo‘lgan, tezkor tibbiy muolajaga muhtoj 23 ming nafar ehtiyojmand xotin-qiz uchun 16,1 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Qaramog‘ida nogiron farzandi mavjud 12 mingga yaqin xotin-qizga 11,2 milliard so‘m miqdorida moddiy yordamlar ko‘rsatildi.

Bundan tashqari, “Ayollar daftari”ga kiritilgan 41 ming nafar xotin-qizlar va ularning 20 ming nafarga yaqin voyaga yetmagan farzandlari tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Ko‘rik xulosasi asosida ularni sog‘lomlashtirish choralari ko‘rildi va buning uchun 7,7 milliard so‘m mablag‘ sarflandi. 12 ming  nafar xotin-qizlarga huquqiy yordamlar ko‘rsatildi, 185 million so‘mdan ziyod aliment to‘lovlari undirib berildi.  

– “Ayollar daftari”ning beshinchi bosqichini shakllantirish shu yilning 5 yanvar kunidan boshlandi, - deydi Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari – viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Zebiniso Rahmonova. – Ayni paytda viloyatimizdagi 1126  ta mahallaning har birida davlat va jamoat tashkilotlari vakillaridan iborat ishchi guruh faoliyat olib boryapti. Ishchi guruh 30 yoshdan oshgan har bir xotin-qizning muammosini o‘rganib chiqmoqda. Buning uchun ularda so‘rovnoma mavjud va daftarga kiritish uchun asos bo‘ladigan holatlar aniq tahlil etilmoqda. Qolaversa, har bir mahallada xotin-qizlar bazalari shakllantirilgan. Bu degani bizda dastlabki ma’lumotlar mavjud. Shu ma’lumotlar asosida xotin-qizlarning xonadoniga kirib, ularning bugungi kundagi dolzarb muammolari aniqlanmoqda. Kasalxonada davolanayotgan yoki mehnat migratsiyasida bo‘lgan, jazoni ijro etish muassasalarida jazo o‘tayotgan xotin-qizlarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ilgari “Ayollar daftari”ga kiritilib, bandligi ta’minlangan yoki tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan xotin-qizlar takroran “Ayollar daftari”ga kiritilmaydi. Agar xotin-qizlar doimiy ishdan bo‘shatilgan yoki tadbirkorlikni yo‘lga qo‘ya olmagan bo‘lsa, qaytadan ro‘yxatga olinishi mumkin.

Mutasaddilarning qayd etishicha, 25 yanvargacha xonadonma-xonadon yurish orqali xotin-qizlar muammolarini o‘rganish ishlari olib boriladi. 25 yanvardan 5 fevralgacha esa “Ayollar daftari”ning beshinchi bosqichiga kiritiladigan xotin-qizlar ro‘yxatlari shakllantiriladi hamda ularning “individual dasturlari” ishlab chiqiladi. So‘ngra ushbu dasturlar va hamda xotin-qizlarning muammolarini hal etishga qaratilgan “Yo‘l xaritasi” loyihasi tasdiqlash uchun Xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashiga kiritiladi. 2024 yilning 1 mart sanasidan boshlab xotin-qizlarga amaliy yordam berish boshlanadi.

G‘.Hasanov,

O‘zA muxbiri