Jizzax viloyati hokimligi axborot xizmati media markazida o‘tkazilgan matbuot anjumanida viloyat hokimining o‘rinbosari – oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Gulnora Normurodova 2025-yil yakunlari hamda joriy yilda amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar xususida batafsil axborot berdi. Tadbirda ommaviy axborot vositalari va blogerlar ishtirok etishdi.
Mamlakatimizda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Ayniqsa, O‘zbekiston – 2030 strategiyasi doirasida belgilangan vazifalar, shuningdek, Prezidentimizning 2022-yil 7-martdagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonining ijrosi bu boradagi ishlarga yangi mazmun va izchillik bag‘ishlamoqda.
2025-yilda viloyatda 62 ming nafar xotin-qizning bandligini ta’minlash rejalashtirilgan bo‘lsa, amalda 100 ming nafardan ziyod ayolning ish bilan ta’minlanishiga erishildi. Tijorat banklari tomonidan 21 ming 157 nafar xotin-qizga 556,2 milliard so‘m imtiyozli kredit ajratildi. Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida qariyb 6 ming nafar ayolga 107 milliard so‘m yo‘naltirildi.
– O‘tgan 2025-yilda imtiyozli kreditlar ajratish hisobiga 10 ming 744 nafardan ortiq ayol tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tdi, – deydi Gulnora Normurodova. – Shundan 8059 nafari yuridik shaxs, 2685 nafari yakka tartibdagi tadbirkor sifatida faoliyat boshladi. Bu ko‘rsatkichlar ayollarning iqtisodiy faolligi tobora ortib borayotganini ko‘rsatadi.
[gallery-27886]
Viloyatning 32 ta mahallasida xotin-qizlar bandligini ta’minlash va salomatligini mustahkamlash markazlari tashkil etildi. Pillachilik sohasida 16 ming 669 quti pilla yetishtirilib, 40 ming nafar xotin-qizning mavsumiy bandligi ta’minlandi. 20 ming 969 nafar xotin-qiz kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitilib, natijada 13 ming nafardan ortiq ayol doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi.
“Ayollar daftari” bilan ishlash tizimi izchil davom ettirildi. 2025-yilda 46 ming nafar xotin-qiz mazkur ro‘yxatga kiritilib, ularning ijtimoiy-iqtisodiy muammolari manzilli hal qilindi. Ishsiz ayollar ishga joylashtirildi, tadbirkorlik qilish istagida bo‘lganlarga kreditlar ajratildi, tibbiy yordamga muhtojlar qo‘llab-quvvatlandi, uy-joyi ta’mirtalab oilalarga amaliy ko‘mak ko‘rsatildi. Bu maqsadlar uchun mahalliy byudjet va boshqa manbalar hisobidan 38 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.
“Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarni bosqichma-bosqich ro‘yxatdan chiqarish, ularni mustaqil daromad manbaiga ega qilish orqali kambag‘allikni qisqartirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Tomorqadan samarali foydalanish, issiqxona barpo etish, kasbga qayta tayyorlash kabi amaliy mexanizmlar shu maqsadga xizmat qilmoqda.
Oila institutini mustahkamlash yo‘lida ham tizimli ishlar amalga oshirildi. 2194 ta nizoli oilaning 1865 tasida murosaga erishildi. Tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlarning huquqlarini tiklash maqsadida sudlarga da’vo arizalari kiritilib, ular davlat bojidan ozod etildi.
– Prezident farmonida ayollarning huquqlarini himoya qilish ustuvor vazifa sifatida belgilangan, – deya ta’kidlaydi Gulnora Normurodova. – Har bir murojaat ortida inson taqdiri bor. Shuning uchun huquqiy, ijtimoiy va ma’naviy ko‘makni uyg‘un ta’minlashga alohida e’tibor qaratyapmiz.
Ta’lim sohasida ham salmoqli natijalarga erishildi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj 2978 nafardan ortiq talaba xotin-qizning 7 milliard 634 million so‘mlik kontrakt to‘lovlari qoplab berildi. Bu sa’y-harakatlar samarasi o‘laroq, viloyatda oliy ta’limda xotin-qizlar ulushi 55 foizga yetdi.
2026-yilda 1235 ta nizoli oilani sog‘lom muhitga qaytarish, “Ye-ijtimoiy profilaktika” elektron tizimi orqali xotin-qizlar bilan manzilli ishlash, probatsiya hisobida turgan ayollarni kasb-hunarga o‘qitish, tazyiq va zo‘ravonlikka qarshi keng qamrovli targ‘ibot tadbirlarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Shuningdek, 2025–2026 o‘quv yilida yana 150 nafar xotin-qizning kontrakt to‘lovlarini qoplash ko‘zda tutilgan.
Jinoyatchilik ko‘rsatkichlarining pasayishi, tadbirkor ayollar sonining ko‘payishi, ta’limda xotin-qizlar ulushining ortishi — bularning barchasi ayolga qaratilgan e’tiborning amaliy natijasidir.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA