Sirdaryo viloyati Guliston shahridagi musiqali drama teatrida "Xalqaro qishloq ayollari kuni" munosabati bilan "Ayolga ehtirom" deb nomlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda jamiyatda ayollar o‘rnini yanada mustahkamlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan farmon va qarorlar qabul qilinayotgani, turmush darajasining oshib borayotgani qayd etildi.


Xonadonbay, mahallabay tarzda muammolarni o‘rganish natijasida xotin-qizlarni o‘ylantirayotgan masalalarga e’tibor yanada kuchaydi. Qizlarning oliy ta’lim olishi uchun zarur barcha imkoniyatlar yaratilmoqda.
Sirdaryo viloyati asosan agrar sohaga ixtisoslashgan bo‘lib, dehqonchilik, chorvachilik, parrandachilik, bog‘dorchilik, poliz mahsulotlari yetishtiriladi. Bu yo‘nalishlarning deyarli barchasida qishloq ayollarining munosib o‘rni bor.


Viloyat aholisining asosiy qismi qishloqlarda istiqomat qiladi. Qishloq ayollarining mehnati albatta shaharda yashovchi xotin-qizlarnikiga nisbatan ko‘proq. Uy, ro‘zg‘or yumushlaridan ortib dala yoki o‘z tomorqasida mehnat qiladi, aholi uchun zarur oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirishga hissa qo‘shadi.
Qishloqlarda infratuzilmani yanada yaxshilash, yo‘llarni ta’mirlanishi, ichimlik suvi, elektr energiya ta’minotining yaxshilanishi natijasida qishloq ayollarining ham turmush sharoitlari o‘nglanib bormoqda. Ilgari qishloq ayollari ikki ko‘cha naridan suv tashigan bo‘lsa, bugun ichimlik suvi har bir xonadonga kirib bordi.


Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Oqila ayollar” harakati qishloqlarda ham tobora keng quloch yoymoqda.
– Ayollarga berilayotgan imtiyoz va imkoniyatlar tufayli barcha sohalarda ayollarning o‘rni mustahkamlanib bormoqda, - deydi Sirdaryo tumani “Ahillik” mahallasida yashovchi Ra’no Ortiqova. - Ijtimoiy faol xotin-qizlar ko‘payib, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va san’atdan tashqari, ishlab chiqarishda yutuqlarga erishmoqda.


Markazdan olis qishloq hududlarida tadbirkorlikning keng quloch yoyishi, yangi korxonalarning tashkil etilishi natijasida minglab ayollar ish bilan ta’minlanmoqda. Eng asosiysi, qishloq ayollari orasida ham tadbirkorlikka qiziquvchilar ko‘paydi. Ayni paytda viloyatning qishloq hududlarida 4314 nafar xotin-qiz tadbirkorlik bilan, 399 nafar ayol hunarmandchilik bilan shug‘ullanib kelmoqda.
Tadbirda viloyat qishloq xo‘jaligi sohasida faol mehnat qilib kelayotgan bir guruh ayollar taqdirlandi.


Bayram tadbirida kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.
Unda Sirdaryo viloyati hokimi G‘ofurjon Mirzayev ishtirok etdi.


Shuhrat Suyarov, O‘zA