Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ayol xodimlarga ish haqi to‘lovi uchun 309 million 109 ming 920 so‘m undirib berildi
10:21 / 2023-05-17

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyat Kengashi tomonidan 2022 yilning sentyabr oyida jamoatchilik asosida “Asakabank” AJ Farg‘ona filialida faoliyat yuritib kelayotgan xotin-qizlarning mehnat huquqlari ta’minlanishi borasida amalga oshirilgan ishlar hamda ularga ish jarayonida yaratib berilayotgan sharoitlar o‘rganilgan edi.

O‘rganish mobaynida bankda ishlayotgan ayollar va boshqa xodimlarning mehnatga oid huquqlari qo‘pol ravishda buzib kelingani aniqlandi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunining 21-moddasida teng mehnat uchun xotin-qizlar va erkaklarga teng ish haqi (mukofotni) hamda xotin-qizlar va erkaklar ishining sifatini baholashga doir teng yondashuv belgilangan bo‘lsada, ushbu talablar buzilib, bankda ishlayotgan bir guruh ayol xodimlar – N.Shokirova, B.Fozilova, F.Isametdinova va N.Norboyevaga nisbatan ish haqiga qo‘shimcha to‘lanishi lozim bo‘lgan ustama va ish staji uchun  qo‘shimcha to‘lovlar asossiz ravishda to‘lanmagan.  

Shu sababli o‘rganishda aniqlangan mehnatga oid qonunbuzish holatini barataraf etish haqida ish beruvchi “Asakabank” AJ Farg‘ona filialiga taqdimnoma kiritilgan.  

Lekin taqdimnoma bo‘yicha to‘lovlar amalga oshirilmagani sababli O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi tomonidan ushbu fuqarolarning manfaatlarini ko‘zlab sudga da’vo ariza bilan murojaat qilingan.  

Kengash nomidan berilgan da’vo arizalar salkam 7 oy davomida sudning turli instansiyalarida ko‘rib chiqilib, uzoq davom etgan tortishuvlar natijasi bo‘yicha sudning qarorlari bilan huquqi buzilgan ayollarning huquqlari tiklanib, ularga jami 309 mln. 109 ming 920 so‘m miqdorida ish haqiga qo‘shimcha to‘lov va ma’naviy zarar to‘lovlari to‘liq undirib berilishiga erishildi.

 

A.Turaxodjayev,

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyat Kengashi bosh yuriskonsulti.

O‘zA