French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Ayol va Oy” she’riy kitobi – onalarga ehtirom ramzi
17:46 / 2025-06-17

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Kitobxon onalar kuni” ma’rifiy loyihasi doirasida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Jurnalistlar uyushmasi hamda “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi, “Oltin qalam” milliy mukofoti sovrindori, “Do‘stlik” ordeni sohibi, taniqli adib va shoir, jurnalist, ustoz va murabbiy To‘lqin Eshbekning “Ayol va Oy” she’riy kitobining taqdimoti o‘tkazildi.

Adabiy tadbirda bugungi kunda xalqimizni kitobxon millatga aylantirish borasidagi ezgu ishlar xususida so‘z yuritildi. 

Jurnalist, adib, publitsist, pedagog, ma’naviyat targ‘ibotchisi To‘lqin Eshbek kitobxonlik targ‘ibotiga faol hissa qo‘shib kelayotgan ijodkor ziyolilardan sanaladi. 

Taniqli shoira Gulchehra Shahobiddin qizining aytishicha, bu kabi kitobxonlik tadbirlari uch yil davomida an’anaviy har oyning 17 sanasida o‘tkazib kelinadi va bugungi adabiy tadbirda Uchtepa tumanining kitobxon onalari hamda adabiyotga mehri baland yoshlar taklif etildi. 

To‘lqin Eshbekning "Ayol va Oy" kitobi munis va mo‘’tabar onaxonlarimiz, tabarruk ayollarimiz, muhtarama singiljonlarimizga bag‘ishlangani bilan qadrlidir. Kitobdan o‘rin olgan she’rlar onalarni, Vatanni, hayotni ulug‘lashga chorlashi bilan diqqatga sazovor. 

Kitobga mohir jurnalist, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, “Saodat” jurnali bosh muharriri Munavvara Usmonova so‘z boshi yozgan. 

E’tirof etilganidek, ona va ayol madhini tarannum etish har bir shoir uchun katta sharaf. Shoir To‘lqin Eshbek ushbu kitobida Yerni – erga, uning yo‘ldoshi Oyni – onaga va oila bekasiga qiyoslab, she’rlar bitgan. Ularning ibratli jihatlarini badiiy bo‘yoqlarda ifoda etib, muxlislarini onalarga mudom ehtirom ko‘rsatishga va oila bekalariga mehr-oqibatli bo‘lishga chorlaydi. Demak, bu to‘plam barcha onalar-u baxtiyor oila bekalariga she’riy-ma’rifiy tuhfadir. Kitob “Dunyo-nashr” nashriyotida chop etilgan. 

Tadbirda To‘lqin Eshbek ijodi, uning "Ayol va Oy" kitobi xususida batafsil so‘z yuritildi. 

Nazokat Usmonova, O‘zA