O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining Navoiy viloyati bo‘linmasi tomonidan moliyalashtirilgan “Ayol va bola davlat himoyasida” nomli grant loyihasi bugungi kunda mamlakatimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlarning amaliy ifodasi bo‘lib xizmat qilmoqda.
Loyiha ijrochisi – “Qalbga qaytish” ijtimoiy-psixologik markazi tomonidan olib borilayotgan ishlar ayollarning huquqiy, psixologik va iqtisodiy jihatdan mustahkam turmush kechirishini ta’minlashga qaratilgan.

– So‘nggi yillarda yurtimizda xotin-qizlarni zo‘ravonlikdan himoya qilish, ularning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash, bandligini ta’minlash va tadbirkorlikka jalb etishga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi markaz direktori Safiya Xodjayeva. – Mazkur loyihamiz doirasida 60 nafar ayolni qamrab oldik. Ularga malakali psixologlar tomonidan individual suhbatlar, psixologik maslahatlar hamda stressni yengish bo‘yicha treninglar o‘tkazilib, ruhiy barqarorligini tiklash va mustaqil hayotga moslashishiga ko‘mak berilmoqda. Bugungi kunga qadar 16-marta psixologik seminar tashkil etildi.

Shuningdek, 40 nafar ayolga huquqiy yordam ko‘rsatish belgilangan bo‘lib, aliment undirish, nikohdan ajratish va mol-mulkka oid masalalarda amaliy ko‘mak berilmoqda. 9-marta o‘tkazilgan huquqiy savodxonlik darslari ishtirokchilarning o‘z huquqlarini bilishi va himoya qila olish ko‘nikmalarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Bu esa mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash va adolat tamoyilini ta’minlashga qaratilgan islohotlar mazmuni bilan uyg‘unlikda amalga oshirilmoqda.

Loyihada iqtisodiy mustaqillik masalasiga ham alohida e’tibor qaratilgan. 20 nafar ayol kasb-hunar kurslariga jalb qilinib, tikuvchilik, pazandachilik va hunarmandchilik yo‘nalishlarida bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lmoqda. “Tadbirkorlik va biznes asoslari” hamda “Tikuvchilik” bo‘yicha 3-marta bepul o‘quv kurslari tashkil etildi. Loyiha hisobidan zarur xomashyolar bilan ta’minlash orqali ularning o‘z daromad manbaini yaratishiga sharoit yaratilmoqda.

Himoya orderi olgan ayollarni qo‘llab-quvvatlash bugungi islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, u faqat muammoni bartaraf etish emas, balki ayollarning jamiyatda munosib o‘rin egallashi, o‘z hayotini mustaqil va barqaror ravishda qurishiga xizmat qiladi. Navoiy viloyatida amalga oshirilayotgan ushbu loyiha xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlash borasida belgilangan chora-tadbirlar bilan hamohang ekanligi bilan ahamiyatlidir.
A. Bo‘riyev, O‘zA