Sirdaryo viloyatining Sardoba tumani “Ravot” mahallasida istiqomat qilayotgan Abdullajon Absaitov endigina 43 yoshni qarshi olgan. U ayoli bilan besh nafar farzandni tarbiyalamoqda. Ikki yildirki Abdullajonni buyrak xastaligi qiynab keladi. U ko‘plab shifokorlarga murojaat etdi. Yangiyer shahar tibbiyot birlashmasining Nefrologiya va gemodializ bo‘limida sakkiz oydan buyon davo muolajalarini olib keladi.
–Donor izladim-u, topa olmadim, – deydi Abdullajon Absaitov. – Kunni tunga, tunni kunga ulab turmush o‘rtog‘im va farzandlarim bilan baxtli, sog‘-salomat hayot kechirganimni doim eslayman. Qani o‘sha onlar, baxtiyor damlar qaytib kelsaydi, deya o‘ylayman. Kunlarning birida turmush o‘rtog‘im o‘z buyragini bermoqchi bo‘lganini, buning uchun zarur tekshiruvlardan o‘tganligi, qon guruhi to‘g‘ri kelishini aytdi. Xullas, turmush o‘rtog‘im Feruzaxon Absaitova bir buyragini menga tuhfa etdi. Bundan nafaqat men, farzandlarim ham xursand.
Jarrohlik amaliyotini Guliston tibbiyot klasterida V.Vohidov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi jarrohlari amalga oshirdi. Yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti uchun ketgan barcha xarajatlar Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi hisobidan qoplab berildi. Ayni vaqtda sardobalik Abdullajon Absaitovning salomatligi qoniqarli. Hozirda ular o‘z xonadonida, farzandlari bag‘rida. Ular ma’lum bir vaqt shifokorlar nazoratida bo‘ladi.
Shuhrat SUYAROV, O‘zA