Mamlakatimiz xotin-qizlarining faolligi va tashabbuskorligi bugungi kunda amalga oshirilayotgan islohotlar va innovatsiyalarning muvaffaqiyatli ijrosida muhim o‘rin egallab, jamiyat taraqqiyotining asosiy rivojlantiruvchilaridan biriga aylanib bormoqda.
Shu bois, ularning huquqlarini himoya qilish, imkoniyatlarini kengaytirish va munosib sharoitlar yaratish ustuvor yo‘nalishlardan sanaladi.
Patent vakillari assotsiatsiyasi raisi Madina Tursunova bu haqda fikr bildirib, qator yechimlarga e’tibor qaratdi:
– Bugungi kuncha mamlakatimiz xotin-qizlari jamiyat hayotida faolligi oshib bormoqda. Bu borada davlatimiz toomnidan yaratilayotgan imkoniyatlar tufayli ular qator yutuqlarga ham erishib ulgurgan.
Biroq bu borada qiyinchiliklar ham mavjud. Masalan, mustaqil biznes, ayniqsa, ayollar rahbarlik qilayotgan startaplar va korxonalar katta qiyinchiliklarga duch keladi. Ular an’anaviy kompaniyalarga nisbatan moliyaviy resurslarga ega bo‘lish, investorlarni jalb qilish va rivojlanish imkoniyatlari jihatidan ko‘proq cheklangan. Bunda asosiy muammolardan biri – moliyaviy manbalarning yetishmasligi.
Shuningdek, ko‘p ayollar o‘z g‘oyalarini qanday noqimmatli aktiv sifatida baholash, uni tijorat yo‘lida samarali qo‘llash va himoya qilish imkoniyatlari haqida yetarli ma’lumotga ega emas. Intellektual mulkni himoya qilish jarayonlari O‘zbekiston kabi rivojlanayotgan bozorlarda ancha murakkab va xarajatli.
Ayol tadbirkor o‘z g‘oyasini ro‘yxatdan o‘tkazib, tegishli portfelga ega bo‘lsa ham, bu uni huquqbuzarliklardan to‘liq himoyalay olmaydi, chunki amalga oshirish ko‘p vaqt va mablag‘ talab qiladi.
Men “ACWA Power” kompaniyasi tashabbusi bilan tashkil etilgan “Raqamli energetika davrida ayollar yetakchiligi: huquqiy, biznes va insoniy istiqbollar” mavzusidagi tadbirda ishtirok etganimdan xursandman. Negaki, bu muloqot aynan shu masalalar yechimida muhim ahamiyat kasb etadi.
Energetika tizimidagi innovatsiyalar nafaqat ko‘zga ko‘rinadigan qurilish ishlari, balki mavjud texnologiyalar asosida yechimlar yaratish, katta sarmoya va moliyaviy mablag‘larni jalb qilish demakdir.
Ba’zan ko‘p yaxshi g‘oyalar amalda ro‘yobga chiqmay qolishi mumkin. Mutaxassis sifatida men startap kompaniyalarga maslahat berish jarayonida ham bunday holatlarga duch kelganman. Shu bois, davlat siyosati faqat moliyaviy resurslar taqdim etish bilan cheklanib qolmasdan, ayollarni innovatsiya va biznes faoliyatini samarali boshqarishga o‘rgatishni ham qamrab olishi zarur.
Lotin Amerikasi, ayniqsa, Braziliyada kuzatilgan tajriba shuni ko‘rsatadiki, smart hisoblagichlarni joriy qilish jarayonida jamoa yaratgan texnologiyalar atrofida nizolar yuzaga kelgan, ammo bu bir paytning o‘zida mahalliy ayollar rahbarligidagi yechimlarga sarmoyalarni jalb qilish imkoniyatini ham ochgan.
Shuning uchun turli mintaqalar tajribasini o‘rganib, hukumat boshqaruvi va siyosat yuritish orqali qanday qilib ko‘proq sarmoyalarni jalb qilish mumkinligi haqida xulosa chiqarish va ayollar salohiyatidan to‘liq foydalanish yo‘llarini topish galdagi muhim vazifalardandir.
O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva yozib oldi.