Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ayol tadbirkorlar intellektual mulkni boshqarish bo‘yicha amaliy bilim va tajribaga ega bo‘ldi
19:06 / 2025-11-05

Butunjahon Intellektual mulk tashkiloti (BIMT) hamda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamkorligida “Ayollar yetakchiligidagi kichik va o‘rta biznes sub’ektlari uchun intellektual mulkni boshqarish klinikasi” mavzusidagi mintaqaviy seminar Toshkent shahrida o‘tkazildi.

Mazkur tadbir Markaziy Osiyo, Kavkaz va Sharqiy Yevropa mamlakatlaridagi ayollar rahbarligidagi kichik va o‘rta korxonalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning intellektual mulk sohasidagi salohiyatini oshirish va biznesni rivojlantirishda intellektual mulk strategiyasining o‘rnini mustahkamlashga qaratilgan.

Tadbirda BIMTning o‘tish davridagi va rivojlangan davlatlar departamenti direktori Habip Asan, ushbu departamentning Kavkaz, Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropa bo‘limi boshlig‘i Ilya Gribkov, shuningdek, Biznes uchun intellektual mulk bo‘limi dasturi xodimi Saidahmad Azimov, Adliya vazirligi vakillari, mahalliy ayol tadbirkorlar va boshqa xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.

Ishtirokchilar O‘zbekistonda faoliyat olib borayotgan ayol tadbirkorlar, xususan, tekstil sohasida yirik korxonalardan biri bo‘lgan “Nurtex” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan yaqindan tanishdi.  

Kompaniya direktori Muhabbat Toshmuhamedova tadbir ishtirokchilariga kompaniya faoliyati haqida ma’lumot berdi. Bugungi kunda kompaniya maxsus kiyimlar hamda poyabzal ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bo‘lib, ming nafarga yaqin kishini ish bilan ta’minlagan. 

 

Ikki kun davom etgan tadbirda O‘zbekiston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston vakillari o‘z mamlakatlaridagi tajriba va yutuqlar bilan o‘rtoqlashdi. Shuningdek, ayol tadbirkorlar intellektual mulkni boshqarish, intellektual mulk strategiyalarini ishlab chiqish hamda biznesda innovatsion yondashuvlarni qo‘llash bo‘yicha amaliy bilim va ko‘nikmalarini oshirish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar intellektual mulkni biznesning muhim drayveri sifatida samarali qo‘llash, BIMT dasturlari va yangi tashabbuslari bilan tanishdi.

Tadbir ayollar rahbarligidagi korxonalar uchun intellektual mulkni boshqarish bo‘yicha mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish hamda iqtisodiy o‘sishga ko‘maklashish yo‘lida muhim qadamlardan biri bo‘ldi.  

N.Abduraimova, O‘zA