Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Ayol sudyalar hamjamiyati” ta’sis etilishi kutilmoqda
16:20 / 2022-03-14

Toshkentda “Sud sohasidagi gender tenglik va huquq ustuvorligini ta’minlashda ayol sudyalarning roli” mavzuida konferensiya tashkil etildi.

 Oliy Majlisi Senati, Oliy sud, Sudyalar oliy kengashi, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi, Ombudsman  
hamda Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti bilan xamkorlikda tashkil etilgan tadbirda gender tenglikni ta’minlash bo‘yicha butun dunyoda kuzatilayotgan tendensiyalar xalqaro sudlar tizimida ham o‘z aksini topayotgani qayd etildi.  

BMT Bosh Assambleyasining 2021 yil 28 apreldagi rezolyutsiyasi bilan 10 mart – Xalqaro ayol sudyalar kuni sifatida belgilangan. 

O‘zbekistonda ham davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarida, xususan sud tizimida xotin-qizlarning o‘rni va roli oshib bormoqda. 

Tadbir Oliy Majlis Senatining Raisi Tanzila Norboyeva hamda YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori elchi Per fon Arks janoblarining qutlov so‘zlari bilan boshlandi. 

Oliy Majlis Senatining 2021 yil 28 maydagi qarori bilan “O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi” tasdiqlangan bo‘lib, unga ko‘ra, 2030 yilga qadar sudyalar orasida xotin-qizlar ulushini  
30 foizga ko‘tarish belgilangan. Shunga muvofiq hozirda ayol sudyalar soni ko‘paymoqda. 

Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosari Robaxon Mahmudova bugungi kunda sud tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan sudyalarning 16 foizi ayol sudyalar hissasiga to‘g‘ri kelishini ta’kidladi. Oliy sudda esa bu ko‘rsatkich 21 foizga yetgan. 

E’tiborlisi, ko‘plab ayol sudyalar odil sudlov sohasida rahbarlik lavozimlarida samarali mehnat qilmoqda. Jumladan, 5 nafar ayol sudyalar viloyat sudlari raislari va rais o‘rinbosarlari lavozimida, 75 nafar ayol esa Sudyalar oliy kengashi, Oliy sud va viloyat sudlarida sudya lavozimida, 20 nafar ayol tuman, shahar va tumanlararo sudlarining raisi lavozimida faoliyat olib bormoqda. 

Joriy o‘quv yilida Oliy sudyalik maktabining magistratura bosqichiga qabul qilingan 76 nafar talabaning 16 nafari yoki 23 foizi ayollardan iborat. Ularning aksariyat qismi sertifikatlarni qo‘lga kiritib, tanlov konkursidan muvaffaqiyatli o‘tgach, sudyalik lavozimiga tayinlanadi va bu bilan sud tizimidagi gender ko‘rsatkichi sezilarli darajada oshadi. 

Tadbirda Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi N.Umarov, Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi M.Qodirxonova, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) F.Eshmatova, O‘zbekiston Respublikasi sudyalari, olimlar va ilmiy xodimlar ma’ruzalari bilan chiqish qildi. 

Muhokamada sud sohasidagi gender tenglik holati va istiqboldagi rejalar, sud tizimidagi gender vaziyatni yanada yaxshilash bo‘yicha fikr-mulohaza va takliflar, xorijiy ayol sudyalar assotsiatsiyalari va milliy ayol sudyalar hamjamiyatini tashkil etish shart-sharoitlari, shuningdek mamlakatimizda sud sohasida amalga oshirilayotgan gender tenglikka oid islohotlar samaradorligini oshirish yuzasidan amaliy taklif va tavsiyalar o‘rin oldi. 

Konferensiya yakunida O‘zbekiston Respublikasi odil sudlov sohasida ko‘p yilar davomida fidokorona mehnat ko‘rsatgan bir guruh ayol sudyalar Senatning faxriy yorliqlari bilan  taqdirlandi. 

Konferensiya natijalari bo‘yicha ayol sudyalar hamjamiyati butun O‘zbekiston Respublikasi odil sudlov tizimiga murojaatnoma yo‘lladi. 

Murojaatnomada sud tizimini xalq ishonchini qozonadigan adolatli va korrupsiyadan holi tizimga aylantirish; sudyalar korpusida ayollar vakilligini oshirib borish yo‘li bilan sud tizimida gender tenglikni ta’minlash maqsadida Adliya vazirligi bilan vazirlik huzuridagi Toshkent davlat yuridik universiteti va yuridik litsey talaba qizlarini sudyalik kasbiga jalb etishga qaratilgan chora-tadbirlar bo‘yicha o‘zaro Kelishuv imzolash; xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish hamda zo‘ravonlarga nisbatan qilmishiga yarasha va  murosasiz javobgarlik choralarini qo‘llash orqali ayollarni bunday jinoyatlardan himoya qilish ko‘zda tutilgan. 

Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabiga qabullarda xotin-qizlarga kvota ajratish va o‘z uyidan ajralgan holda poytaxtga kelib o‘qish imkoniga ega bo‘lmagan xotin-qizlarga masofaviy ta’lim olish imkonini yaratish orqali sud korpusida gender barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha taklif kiritiladi.  

Homilador va voyaga yetmagan farzandlari bor bo‘lgan sudya ayollarning o‘z sog‘lig‘i va oilasiga yetarlicha vaqt ajratish imkonini yaratish uchun  ish yuklamasini 10 foizgacha kamaytirish ko‘zda tutilmoqda. 

Sudyalar oliy kengashi huzuridagi ayol sudyalar klubi negizida Ayol sudyalar faoliyatiga oid masalalar bilan shug‘ullanib, yechim talab etadigan masalalarda tahlil va izlanishlar o‘tkazish yo‘li bilan taklif va tavsiyalar ishlab chiquvchi doimiy faoliyat ko‘rsatadigan “Ayol sudyalar hamjamiyati”ni ta’sis etish kabi masalalar bo‘yicha takliflar ilgari surildi.  

N.Abduraimova,  O‘zA