Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ayol rashk qurboni bo‘ldi
10:55 / 2023-06-02

Afsuski keyingi paytlarda oilaviy nizolar sabab ayollarimizga turmush o‘rtoqlari tomonidan turli tan jarohatlari yetkazish, hatto joniga qasd qilish holatlari ko‘paydi. Huquq tartibot idoralari tomonidan olib borilayotgan profilaktik ishlar kutilgan samarani bermayapti. Buxoroda sodir etilgan mudhish qotillikka ham arzimagan rashk sabab bo‘lgan.

Joriy yilning 28 may kuni soat taxminan 17:30 larda Kogon shahrining “Beruniy” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qilib kelayotgan 31 yoshli erkak o‘z turmush o‘rtog‘i bilan rashk tufayli o‘zaro janjalga borib, oshxona pichog‘i bilan ayoli tanasining turli sohalariga bir necha marotaba urib qasddan o‘ldirgan.  

Shuningdek, ajratish maqsadida harakat qilgan gumonlanuvchining onasi fuqaro O.X. ham o‘ng bilak sohasidan jarohat olib kasalxonaga murojaat qilgan.  

– Joriy yilning 28 may kuni Kogon shahrida sodir bo‘lgan ushbu hodisa yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, – deydi viloyat IIB matbuot xizmati rahbari Shuhrat Jalolov. – Shahar prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.  

Ma’lum bo‘lishicha, oila shundoqqina mahalla binosi ro‘parasida istiqomat qilar ekan.  

– Bu oilani yaxshi bilamiz, – dedi Kogon shahar “Beruniy” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Ra’no Fayziyeva.  – Marhuma juda oqila, og‘ir vazmin ayol edi. O‘zi tadbirkorlik bilan shug‘ullanardi. Turmush o‘rtog‘i ham oliy ma’lumotli o‘ziga to‘q. To‘g‘risi bu holatdan barchamiz hayratdamiz. Oila ziyoli, hammasi o‘qimishli. Onasi shifokor, ruhshunos bo‘lib ishlaydi. O‘g‘li oliy ma’lumotli, yog‘ zavodida texnolog. Oilada hech qanday muammo chiqmagan. Biror marta bizga shikoyat tushmagan. Mahalla yonida bo‘lgani uchun har doim ko‘rib turardik. Bu oilada bunday hodisa yuz beradi, deb o‘ylamagan edik. Marhuma mahallada “Go‘zallik saloni” ochgan edi. Hech qachon turmush o‘rtog‘ini yomonlamagan.  

Aniq bo‘lishicha, oila mahalladagi namunali oilalardan biri bo‘lgan. Er-xotin o‘rtasida ilgaridan nizoli vaziyat bo‘lganini eshitmaganmiz, deya ma’lum qildi mahalla mas’ullari.  

Demak, mudhish hodisaga arzimagan gap so‘zlar sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Ayanchlisi, ikki nafar norasida ham ona, ham ota mehridan mosuvo bo‘ldi.  

 

Zarif Komilov,  

O‘zA