Yurtimizda ayol-qizlar manfaatlarini ta’minlash, gender tenglik masalalariga oid davlat siyosati yanada rivojlanib, yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
Ayollarning qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlash, jamiyatdagi o‘rni va nufuzini oshirish, iste’dodi va qobiliyatini ro‘yobga chiqarish, gender tenglikni ta’minlashda muhim islohotlar amalga oshirilmoqda. So‘nggi yillarda qabul qilingan qonunchilik hujjatlari, milliy strategiyalar va davlat dasturlarining samarali ijrosi gender tengligi tamoyilini barcha sohalariga izchil integratsiya qilish imkonini bermoqda.
Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi axborot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, 2030-yilga qadar 66 ta bandni o‘z ichiga olgan O‘zbekiston Respublikasi gender tenglikka erishish strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha 2025-yil uchun tasdiqlangan kompleks chora-tadbirlar dasturi doirasida tizimli ishlar amalga oshirildi. 2025-yilda sohaga oid 16 ta normativ-huquqiy hujjat (2 ta qonun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2 ta farmoni va 3 ta qarori hamda hukumatning 9 ta qarori) qabul qilindi.
Ushbu hujjatlar asosida gender sohasidagi yangi imkoniyatlar ochib berildi. “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida”gi qonun bilan 2026-yil 1-yanvardan homiladorlik va tug‘ish nafaqalarini Davlat ijtimoiy sug‘urtasi hisobidan to‘lanishi belgilab berildi.
Xalqaro konvensiyalarni ratifikatsiya qilish imkoniyatlari ham o‘rganish ishlari yangi bosqichga olib chiqildi. Qonunchilikka doir yangi tadqiqotlar olib borilmoqda. Xotin-qizlar va erkaklar o‘rtasida ish haqi tafovutini qisqartirish, kompaniyalarni gender bo‘yicha reytingi va boshqaruvda ayollar ulushini oshirish, shuningdek iqtisodiy huquqlarni kafolatlash bo‘yicha Yevropa mamlakatlari, xususan Fransiya, Germaniya va Niderlandiya kabi 10 ga yaqin davlatlar tajribasi o‘rganildi. Bu takliflarning maqbul jihatlarini amaliyotga joriy etish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
Ayollarning siyosiy madaniyatini oshirish maqsadida partiyalar hamkorligida 600 dan ziyod targ‘ibot tadbiri tashkil qilindi, 27 mingdan ortiq aholi vakillari jalb etildi. Saylovlarda xotin-qizlarning faolligini oshirish bo‘yicha Yevropa va Yaqin Sharq davlatlari (Fransiya, Shvetsiya, Daniya, Norvegiya, Misr, Eron, Ummon davlatlari) tajribalari o‘rganildi.
Mamlakatimiz siyosiy maydonida ayollar nafaqat faol ishtirokchi, balki yetakchi sifatida ham maydonga chiqmoqda. Ayni paytda ular tadbirkorlikda 45 foiz, siyosiy partiyalarda 49 foiz va oliy ta’limda 54 foizini, STEAM yo‘nalishida 38 foizni tashkil etmoqda.
Qurilish sohasida – 8 foiz, transportda – 12,6 foiz, axborot va aloqa sohasida – 35,3, moliya va sug‘urta faoliyatida – 37,2, qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligida – 43,3, savdo sohasida – 49,3, sanoatda – 46,9, yashash va ovqatlanish xizmatlari sohasida – 50,7 foiz ayollar ulushini tashkil etmoqda.
2025-yilda xotin-qizlar nisbatan kam faoliyat yuritayotgan Energetika, Qishloq xo‘jaligi va Suv xo‘jaligi vazirliklarining 2030-yilga qadar gender strategiyalari tasdiqlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 5-maydagi tegishli farmoniga muvofiq, Davlat siyosati va boshqaruvi Akademiyasida 6 oygacha bo‘lgan muddatda tashabbuskor ayollarning rahbarlik ko‘nikmalarini rivojlantirish va ularni davlat xizmatiga tayyorlash uchun “Rahbar ayollar” dasturi joriy etildi. Bu maqsadda vazirliklar va hokimliklar tavsiyalari asosida 120 nafar xotin-qizlar ro‘yxati tuzildi va saralash jarayoni davom etmoqda.
Xorazm viloyatida davlat va jamiyat rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan Shakarjon Xo‘janiyozova xotirasiga bag‘ishlab “Rahbar ayollar” tanlovi tashkil etildi. Mazkur tanlovda 100 dan ortiq xotin-qizlar ishtirok etib, 15 nafari turli nominatsiyalar bo‘yicha g‘olib deb topildi. “Hokimlikka tayyorlash maktabi” qo‘shma ta’lim dasturida 14 nafar xotin-qizlar Germaniya davlatiga maxsus o‘quv stajirovkaga yuborildi.
Davlat xizmatchilarining siyosiy-huquqiy bilimlarini oshirish bo‘yicha qisqa muddatli kurslarda 95 ming 273 nafar davlat xizmatchilari ishtirok etib, ularning 21 foizini xotin-qizlar tashkil etdi. Odil sudlov Akademiyasida jami tinglovchilarning 38 nafarini (23 foiz) xotin-qizlar tashkil etdi. “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali nufuzli xorijiy universitetlarda ta’lim olayotgan 764 nafar stipendiatlarning 266 nafari yoki 34,8 foizi xotin-qizlardir.
Tashkilotlarda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlar kafolatlarini ta’minlash bo‘yicha maslahat kengashlari soni 4 mingga yetkazildi. Ezgu qadriyatlarni rivojlantirishga munosib hissa qo‘shgan oilalarga beriladigan “Ibratli oila” ko‘krak nishoni salmog‘i 208 tadan 2 mingtaga, ya’ni 9 barobar oshirildi.
Oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan ehtiyojmand xotin-qizlarga ajratilgan grant kvota 2000 tadan 4000 taga, ya’ni ikki barobar oshirildi, besh yil ish stajiga ega, lekin oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan xotin-qizlar kontrakt kvotasi 500 tadan 2500 taga oshirildi. 2025-2026 o‘quv yilida jami 255 ming 402 nafar xotin-qizlar oliy ta’limga talabalikka qabul qilindi (2025-yil reja – 250 ming nafar). Bundan tashqari, 187 ming nafar xotin-qizlar “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida axborot texnologiyalari bo‘yicha o‘qitildi.
Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan o‘tkazib kelinayotgan “Olima ayollar” tanlovida 1 ming 612 ta loyiha talabnomalari o‘rnatilgan tartibda ekspertiza bosqichlaridan o‘tkazilib, umumiy qiymati 127,3 mlrd. so‘m miqdoridagi 156 ta loyiha saralab olindi va moliyalashtirildi.
Bugungi kunda ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borayotganlarning 42 foizini xotin-qizlar tashkil etmoqda. Xususan, fan doktorlarining 26,5 foizi, falsafa doktori, fan nomzodlarining 40,1 foizi ayollardir.
Reproduktiv maslahat va jamoatchilik ko‘magiga muhtoj oilalar bilan olib borilgan profilaktik tushuntirish ishlari natijasida, erta va qarindoshlar o‘rtasida nikohni rejalashtirgan oilalarda aniqlangan 1 ming 350 ta muammolardan 498 ta salbiy holatlarning oldi olindi. 323 ming 694 nafar opa-singillarimizning sog‘lom turmush tarziga rioya etish to‘g‘risidagi fikrlari o‘zgardi.
Qizlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish maqsadida respublika bo‘ylab 454 marotaba “Sog‘lom turmush tarzi tarafdorimiz” shiori ostida o‘tkazilgan uchrashuvlar, davra-suhbatlari hamda sport musobaqalarida 26 ming nafar qizlar jalb etildi. Onkologik kasalliklarni erta aniqlash borasida yurtimiz ayollari onkoskrining tekshiruvidan o‘tkazildi, zarur holatlarda ularning 3 323 nafari mutaxassis tekshiruviga yuborildi. Natijada, 2 589 nafarida kasallik erta bosqichda aniqlandi. 3 245 nafari sog‘lomlashtirishga jalb etildi.
Ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Mamlakatimizda iqtisodiy faol aholi 15,6 million nafar bo‘lib, shundan 7,7 million nafarini ayollar tashkil etadi. 2025-yilda 2,6 million nafar xotin-qizlar daromadli mehnat bilan ta’minlanishiga ko‘maklashildi. 331 ming nafar xotin-qizlar kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitildi.
Markaziy bank bilan birgalikda homiladorlik va tug‘ish ta’tilini olgan ayollar uchun bank kreditlari bo‘yicha to‘lovlar muddatini 10 oygacha uzaytirish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.
Xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2025-yilda 427 ming nafar xotin-qizlarga salmoqli miqdorda kreditlar ajratildi. Ayniqsa, “Oilaviy tadbirkorlik”, “Biznesga birinchi qadam”, “Mahalla loyihasi” dasturlari doirasidagi amaliy ishlar kutilgan ijobiy natijalarni bermoqda. Buning natijasida o‘tgan yilda respublikamizda tadbirkor ayollar soni 217 ming 639 nafarni tashkil etdi.
1 191 ta mahallada Xotin-qizlar bandligini ta’minlash va salomatligini mustahkamlash markazi tashkil etildi. Xorijga ketgan va farzandlarini nazoratsiz qoldirgan xotin-qizlarni aniqlash hamda ularni Vatanga qaytarish bo‘yicha Chirchiq shahri “Navbahor” mahallasida tajriba yaratildi. Ushbu tajriba ommalashtirilib, onlayn muloqot orqali 270 mingdan ortiq migratsiyadagi xotin-qizlarning oilalari manzilli o‘rganildi.
Onlayn muloqotlar orqali xorijda kam daromad bilan qiynalib yurgan 230 mingdan ortiq ayollar vatanga qaytarildi va reintegratsiya dasturlari amalga oshirildi. Migratsiyadagi fuqarolarning voyaga yetmagan farzandlariga belgilangan vasiy hamda homiylar bilan suhbatlar o‘tkazib borildi. “Ayollar daftari”ga kiritilgan 1 million 020 981 nafar xotin-qizlarga amaliy yordam ko‘rsatildi.
O‘tgan vaqt mobaynida Tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlashga katta e’tibor qaratildi. Xotin-qizlarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha 416 ta taqdimnoma kiritildi, 326 tasiga ta’sir choralari ko‘rildi.
Sudlarga kiritilgan 737 ta da’vo arizalarining 683 tasiga asosan sud qarorlari qabul qilindi. Ayollarga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgan 9 237 nafar shaxslar tuzatish dasturidan o‘tkazildi.
37 ming 368 nafar xotin-qiz profilaktik hisobdan chiqarildi. Jazoni ijro etish muassasalaridan qaytgan 841 nafar, muqaddam sudlangan 1 832 nafar, probatsiya hisobida turgan 8 830 nafar, migratsiyadagi 270 ming nafardan ortiq xotin-qizlar va ularning oilalariga zarur yordam va xizmatlar ko‘rsatildi.
“Ye-Ijtimoiy profilaktika” axborot tizimi doirasida 215 ming 896 nafar ayollarga ijobiy yakuniy xulosalar berildi. “Xavfsiz oila” moduli orqali oila-turmush doirasida huquqbuzarlik, tazyiq va zo‘ravonlikni barvaqt oldini olish maqsadida sudlarda nizolashayotgan 70 ming 390 ta oilalarning 68 ming 507 tasi o‘rganildi va 39 ming 410 ta oila barqarorlashtirildi.
Oilaviy nizolarni hal etishdagi yangi huquqiy mexanizmlar asosida Samarqand va Chirchiq shaharlari hamda Namangan, Mirzo Ulug‘bek va Qarshi tumanlararo sudlarida “Oila sudyalari” korpusi faoliyat olib bormoqda. Ular tomonidan jami 26 ming 904 ta ishlar ko‘rilgan. Oila sudyalari joriy etilgan hududlarda ijobiy natijalarga erishildi. Xususan, ixtisoslashgan sudyalar tomonidan yarashtirilgan oilalar soni 140 foizga ortdi, fuqarolar sarsongarchiligining oldi olindi.
Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan oilani jamiyatning strategik ijtimoiy instituti sifatida mustahkamlash maqsadida davlat siyosati istiqbollari va ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berishni o‘z ichiga olgan “Oila farovonligi-2030” milliy dasturi ishlab chiqildi. Oilalarga va xotin-qizlarga yaxlit xizmat ko‘rsatish, oilaviy ta’lim dasturlari va oilaviy maslahat ko‘rsatish borasida yangi yondashuvlar asosida 205 ta tuman va Oila va xotin-qizlar maskanlari yo‘lga qo‘yilib, 300 mingdan ortiq maslahat xizmatlari ko‘rsatildi. Bularning barchasi mamlakatimizda, ayol-qizlar va oilalar manfaatini ta’minlash masalasi davlat va jamiyat e’tiborida ekanini ko‘rsatadi.
N.Usmonova, O‘zA muxbiri