Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Ayol qismati” – achchiq qismat haqida so‘zlaydi
09:24 / 2022-09-09

Poytaxtimizdagi muhtasham Alisher Navoiy nomidagi “Kinochilar uyi”da uzoq kutigan “Ayol qismati” filmining premerasi o‘tkazildi. Taqdimotni Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduholiqov ochib berdi. Rejissyor Dilmurod Masaidov va aktyor Matyoqub Matjonov filmni suratga olish mashaqqati va bugungi kun kinosi haqida fikr bildirdi.

So‘ng film namoyish etildi. Kinematografiya agentligi buyurtmasiga asosan suratga olingan mazkur kinokartinada adashib Suriyaga ketgan ayolning ayanchli taqdiri, Vatanga qaytishdagi kechinmalari hikoya qilinadi. Shuningdek, “Mehr operatsiyasi” doirasida Vatanga qaytgan ayollarning taqdiri Sojida timsolida namoyish etiladi. 

Film rejissyori Dilmurod Masaidov. Bosh rollarni Ra’no Shodiyeva, Ilhom Berdiyev, Matyoqub Matchonovlar ijro etgan. 

Filmda rejissyorlik ishi yaqqol ko‘zga tashlanadi. Aktyorlar sinfi yaxshi shakllangan. Har bir rolda xarakter aks ettirilgan. Kartinada ko‘p hollarda chehralar, odamlarning nigohlari so‘zsiz gapiradi. Bosh qahramon Ra’no Shodiyeva ijro etgan Sojida obrazi orqali ayolning achinarli qismati ochib berilgan. Turmush o‘rtog‘i va farzandidan judo bo‘lgan ona iztirobi yuraklarni larzaga keltiradi. 

Ssenariy mualliflari Anvar Abdullayev va Sardor Hamro kino asardagi tarqoqlikni chevarlik bilan ulagan. Qahramonlar xarakteri tomoshabinga ssenariy bo‘yicha ochib berilgandek tuyuladi. Hayotiy, ishonchli ochib berilgan. Bunda esa rejissyorlik mahorati yaqqol ko‘zga tashlanadi. 

– Film o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolgani yo‘q, – deydi rejissyor Dilmurod Masaidov. – “Mehr operatsiyasi” loyihasi bilan yurtimizga qaytib kelgan ayollarning ayanchli holati meni ta’sirlantirdi. Film olishga kirishdim. Jamoaviy mehnat qilindi. G‘oya atrofida fikrlar almashildi. Mas’uliyat va katta qiziqish bilan filmni suratga olishga kirishganmiz. Jarayon ham qiziqarli holatlarga boy bo‘ldi. Qiyinchiliklar ham bo‘ldi. Filmda asosiy sahnalar Navoiy cho‘llarida olindi. Mudofaa vazirligiga qarashli tank, Favqulodda vaziyatlar vazirligiga qarashli palatkalardan foydalandik. 

Kadrlar ishonchli. Rangsiz kunlar holati asliyatdan suratga olingandek ko‘rinadi. Ortiqcha bo‘yoqdorlik sezilmaydi. G‘oya eski ammo tomoshabinni filmning oxirigacha ko‘rishga majbur etadi. Ssenariy shunday yozilganki, oxirini hatto taxmin qilib ham bo‘lmaydi. O‘zbekistonga ularning qaytishi emas, o‘sha yerning o‘zida Sojidaning o‘g‘li o‘ldi, deb yurgan bolasining topilishi filmning intrigasi bo‘lgan. 
 

D. Mamatova,  
O‘zA muxbiri