Navoiy shahridagi Ma’naviyat va ma’rifat markazida “Ayol – qadriyatlar davomchisi” mavzusidagi marosim hamda urf-odatlar tanlovining viloyat bosqichi o‘tkazildi.
Navoiy viloyati Oila va xotin-qizlar boshqarmasi va tegishli tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbir avvalida boshqarma boshlig‘i – viloyat hokimi o‘rinbosari Malika Mamadiyorova so‘zga chiqib, yurtimizda xotin-qizlar uchun yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlar, milliy qadriyatlarni yosh avlod ongiga singdirishda xotin-qizlar rolini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tdi.

Bugungi kunda viloyatda jami aholining 540 ming nafardan ziyodi, ya’ni 49,3 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. Ayni paytda 92 nafar ayol xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputati, 98 nafari “Mo‘’tabar ayol” ko‘krak nishoni, 35 nafari “Zulfiya” nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlangan. Shuningdek, oliy ta’lim muassasalarida faoliyat olib borayotgan xotin-qizlarning 12 nafari fan doktori, 163 nafari fan nomzodi ilmiy unvoniga ega. Ayni paytda oliy ta’limdagi qizlar ulushi 58,6 foizni tashkil qilmoqda.

Ushbu tanlovning aynan mahallada istiqomat qilayotgan faol xotin-qizlardan iborat jamoalar o‘rtasida o‘tkazilayotganligi esa ularning o‘zaro birdamlik va ahillik asosida milliy hamda umuminsoniy qadriyatlarni keng targ‘ib qilishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Tanlovda shahar va tuman bosqichida g‘olib bo‘lgan 11 ta jamoa 3 ta shart asosida o‘zaro bellashdi. Shartlarda Vatanga muhabbat, onaning millat tarbiyasidagi o‘rni, marosim, urf-odat va xalq o‘yinlari mavzulariga asosiy e’tibor qaratildi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, 1-o‘rinni Qiziltepa tumanining “Vang‘ozi barchinlari”, 2-o‘rinni Navoiy shahrining “Muqaddas ayol” va 3-o‘rinni esa Konimex tumanining “To‘maris ayollar” jamoasi qo‘lga kiritdi.

Tadbir yakunida g‘olib va sovrindorlar, shuningdek, faol jamoalar munosib taqdirlandi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri