Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ayol qadrini yuksaltirishga bag‘ishlangan tadbir
18:57 / 2026-02-28

Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida joylashgan Halima Xudoyberdiyeva ijod maktabida “Men kuchli ayolman” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

Mazkur тадbir xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi o‘rni va nufuzini yanada mustahkamlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish hamda gender tenglik tamoyillarini keng targ‘ib etishga qaratildi.

Tadbirda Sirdaryo viloyati hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Nargiza Tojiboyeva, ijod maktabi direktori, senator Pokiza Ahmedjanova, Sirdaryo viloyati IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, mayor Muhabbat Xidiraliyeva, shuningdek, mutasaddi tashkilotlar vakillari, faol xotin-qizlar, yoshlar hamda mahalla faollari ishtirok etdilar.

So‘zga chiqqanlar mamlakatimizda xotin-qizlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar, ularning huquqiy himoyasini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, ayollarning tadbirkorlik, ilm-fan, madaniyat va davlat boshqaruvidagi ishtiroki tobora ortib borayotgani haqida atroflicha fikr bildirdilar. Qayd etilganidek, bugungi kunda xotin-qizlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularning kasbiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan.

Tadbir davomida ibratli hayot yo‘lini bosib o‘tgan, o‘z mehnati, sabr-matonati va intilishi bilan katta yutuqlarga erishgan ayollar o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar. Ular yosh qizlarga aniq maqsad qo‘yish, zamonaviy bilim va kasb-hunar egallash, jamiyat hayotida faol pozitsiyani saqlash muhimligi haqida qimmatli tavsiyalar berishdi. Samimiy muloqot va savol-javoblar tadbir mazmunini yanada boyitdi.

Ma’naviy-ma’rifiy qismda vatanparvarlik tuyg‘usini mustahkamlash, oila muqaddasligi, farzand tarbiyasida onaning beqiyos o‘rni, jamiyat taraqqiyotida ayollarning hissasi haqida ma’ruzalar tinglandi. Shuningdek, xotin-qizlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish, oilalarda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish yuzasidan amaliy tavsiyalar berildi.

Tadbir yakunida madaniy dastur namoyish etildi. Ijodiy chiqishlar, she’r va qo‘shiqlar ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlab, bayramona muhit yaratdi.

– “Men kuchli ayolman” — bu nafaqat shior, balki har bir ayolning qalbidagi ishonch, matonat va kelajakka bo‘lgan intilishini ko‘rsatadi. Mazkur tadbir xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va mavqeini yanada yuksaltirish, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlash yo‘lidagi sa’y-harakatlarning amaliy ifodasi bo‘ldi, – deydi mayor Muhabbat Xidiraliyeva.

G‘ulom Primov, O‘zA