Yashil bahor nafasi yurt bo‘ylab taralayotgan ayyomlarda ayollarga ehtirom va e’zoz ramziga aylangan go‘zal an’analar yana bir bor yorqin namoyon bo‘ldi. Jizzax shahridagi Yakkasaroy tantanalar majmuasida xotin-qizlar sharafiga bag‘ishlangan bayram tadbiri ana shunday ruhda — mehr va e’tibor uyg‘unligida o‘tdi.
Tantanali marosim Abdulla Qodiriy nomidagi Jizzax davlat pedagogika universiteti hayotida fidoyilik bilan mehnat qilayotgan ayollarni taqdirlash bilan boshlandi. Tadbirda ishtirok etgan ushbu oliy ta’lim muassasi rektori, professor Maqsudjon Yo‘ldoshev barcha xotin-qizlarni 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan samimiy qutlab, ularning ilm-fan, ta’lim va jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni beqiyos ekanini ta’kidladi. Uning ta’kidlashicha, ayollar nafaqat oila mehrini asraydigan zot, balki jamiyatni ma’naviy yuksaltiruvchi kuch sifatida ham yurt ravnaqiga xizmat qilib kelmoqda.


Taqdirlash marosimida, avvalo, ilm-fan sohasida yuksak natijalarga erishgan 10 nafar olima ayolga Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining maxsus faxriy yorliqlari hamda universitet rektori tashabbusi bilan ta’sis etilgan ko‘krak nishonlari topshirildi.
Shuningdek, jamoat ishlarida faol ishtirok etib, universitet hayotiga munosib hissa qo‘shayotgan bir qator xotin-qizlar Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda universitet rektorining faxriy yorliqlari, viloyat kasaba uyushmasi tomonidan taqdim etilgan tashakkurnomalar va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.


Tadbir davomida sahnadan yangragan kuy-qo‘shiqlar, dilbar raqslar va rang-barang badiiy chiqishlar bayramga yanada fayz bag‘ishladi. Samimiy tabriklar, qalblarni iliqlikka to‘ldirgan suhbatlar va quvonchga boy lahzalar bu kunni ishtirokchilar xotirasida unutilmas onlarga aylantirdi.


Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri