French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ayol Prezidentlar, Putinning atom nutqi va AQSHda taqiq – Xalqaro dayjest (+video)
19:31 / 2024-06-08

Ukraina inqirozi

O‘tayotgan hafta Rossiya rahbari dunyoning yetakchi xalqaro axborot agentliklari rahbarlari bilan uchrashib, ularning savollariga javob berdi. Jumladan, Putin G‘arbga qarshi harakatlanish uchun ayrim davlatlar qurollantirilishi mumkinligidan ogohlantirdi. Binobarin, gap qaysi mamlakatlar haqida ekani ochiq aytilmadi.

– Kimdir hududimizga yo‘naltirish uchun qurol yetkazib bersa yoki bizga muammo tug‘dirsa, nega biz dunyoning boshqa urush nuqtalariga qurol yetkazib berishimiz mumkin emas, – degan RF prezidenti.

Rossiya rahbari G‘arbning Moskva hech qachon yadro qurolidan foydalanmaydi, deb o‘ylashi noto‘g‘riligini uqtirdi.

– Bizda yadro doktrinasi bor, – dedi Putin “Reuters” agentligi vakilining yadroviy xavf haqidagi savoliga javoban. – Agar kimningdir harakati suverenitetimiz yoki hududiy yaxlitligimizga tahdid soladigan bo‘lsa, ixtiyorimizdagi barcha vositalarni ishga solishimiz mumkin.

Shuningdek, RF yetakchisi bu masalani yengil qabul qilish kerakmasligini ham ta’kidladi.

Urush yana noaniqlik tomon ketmoqda. Putinning Ukrainadagi hozirgi front chizig‘i bo‘ylab o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha taklif qilgan rejasi Kiyev tomonidan rad etildi. Bu haqda “Newsweek” nashri xabar bergan. Rossiyalik harbiy tahlilchi Pavel Luzin Moskva qo‘shini “tanaffusga muhtoj, ammo urushni to‘xtatmoqchi emas” degan edi.

Agar urush bugun yakunlansa, ukrainaliklar xalqaro miqyosda tan olingan hududining chorak qismini yo‘qotishi xavfi bor, deydi Prezident Vladimir Zelenskiy.

AQSH rahbari va Zelenskiy Fransiyada uchrashar ekan, Bayden qurol kechikkani uchun uzr so‘radi va qo‘shimcha yordam tariqasida 225 million dollarlik yangi paket e’lon qildi.

Masala bir tomonga yechilmas ekan, Estoniya kabi Boltiq bo‘yi mamlakatlari Ukrainadan keyingi nishon o‘zlari bo‘lishiga ishonib qolaveradi.

– Rossiya g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, bizda “B” reja bo‘lmaydi, chunki Ukrainaga yordam berish to‘g‘risidagi “A” rejaga e’tibor qaratish to‘xtaydi, – dedi Estoniya rahbari Kaja Kallas.

G‘azo inqirozi

Falastinliklar hamon o‘q yomg‘iri ostida yashamoqda. 6-iyun kuni Isroil askarlari Nusayrat qochqinlar lageridagi BMT maktabiga havodan zarba yo‘llagan. Oqibatda 35 inson halok bo‘ldi. Joriy hafta BMT ekspertlari butun dunyo davlatlarini Falastinni tan olishga chaqirdi. Shaxsan Bosh kotib Antoniu Guterrish G‘azo bolalari o‘limi uchun Isroilni qora ro‘yxatga kiritdi. “13-kanal” Tel-Aviv qarorni bekor qilish uchun muzokara olib borishiga qaramasdan, biror natijaga erisha olmaganini ma’lum qilgan.

AQSH Davlat kotibi kelasi hafta Yaqin Sharqqa bormoqchi. Tashrifdan asosiy maqsad o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvni tezlashtirish. Qo‘shma Shtatlar shu masalada Qatar orqali HAMAS guruhiga murojaat yuborib, javobini kutyapti. Kotib Misr, Isroil, Iordaniya va Qatarga safar rejalashtirgan.

Ushbu hafta Sloveniya ham muxolif partiya bilan kurash asnosida Falastinni tan oldi.

– Falastinning suveren va mustaqil davlat sifatida tan olinishi G‘arbiy Sohil va G‘azodagi xalqqa umid bag‘ishlaydi, – dedi mamlakat Bosh vaziri Robert Golob.

Ma’lumotga ko‘ra, 5 yoshgacha bo‘lgan 3500 nafar bola ochlik xavfi ostida. G‘azoda urush boshlangandan buyon ishsizlik 80 foizga yetgan, YAIM miqdori 83,5 foiz qisqarib ketgan.

Ayol prezidentlar

Xalqaro siyosat maydonida ayol rahbarlar ko‘paymoqda. Tadbirkor va investor Xalla Tomasdottir Islandiyadagi prezidentlik saylovida 34.6 foiz ovoz yig‘ib, mintaqaning ikkinchi ayol yetakchisiga aylandi. Tomasdottir Buyuk Britaniya biznes magnati Richard Brenson tomonidan asos solingan “The B Team” kompaniyasi bosh ijrochi direktori hisoblanadi. U 1-avgustda lavozimga kirishadi.

Meksika rahbarligi uchun kechgan saylovda 61 yoshli Klaudiya Sheynbaum g‘olib chiqdi. Onasi yahudiy bo‘lgan yangi Prezidentning bobosi fashistlardan qochib, Bolgariyadan Meksikaga kelib qolgan. Sheynbaumning otasi va buvisi Litvadan ketgani ma’lum. U energetika va iqlim o‘zgarishi bo‘yicha mutaxassis hisoblanadi. Eronda esa muddatidan oldin bo‘lib o‘tadigan saylovga to‘rt nafar ayol nomzodini qo‘ygan. Ularning bari mamlakat parlamenti sobiq deputatlari.

Yevropa parlamenti saylovi

Shu kunlarda Yevropa Ittifoqining yaqin besh yillik siyosatini belgilab beradigan Yevropa parlamenti saylovi bo‘lib o‘tmoqda. EI tarkibidagi 27 mamlakatda taxminan 373 million kishi ovoz berishi kerak. Yevroparlamentdagi mavjud 720 o‘rin uchun ko‘hna qit’aning qariyb 200 ga yaqin partiyasi kurashmoqda.

AQSHda migrantlar uchun taqiq

Prezident Jo Bayden Meksika bilan chegarani noqonuniy kesib o‘tgan migrantlarga boshpana berishni vaqtincha taqiqladi. Ma’lumotga ko‘ra, hafta davomida har kuni chegarada 2500 dan ortiq odam qo‘lga olinsa, qarshi chora joriy etiladi. Ushbu ko‘rsatkich 1500 dan kamayganda, chora bekor qilinadi.

Modi qayta saylandi

19-aprelda boshlangan Hindistondagi saylov 4-iyun kuni nihoyasiga yetdi va uchinchi bor Narendra Modi Bosh vazir lavozimini saqlab qoldi. Tashqi ishlar vazirligi qayd etishicha, qasamyod marosimiga yetti davlat yetakchilari tashrif buyuradi.

<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/WTDh0RITks8?si=JvNY_wRSnHZNgtTS" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Sardorbek Poyonov, Asliddin Alijonov, Anvarxo‘ja Ahmedov (video), O‘zA.