Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo xotin-qizlari forumi ayollarning barcha sohadagi faolligini yanada oshirish, o‘zaro tajriba almashish, do‘stona hamkorlik aloqalarini mustahkamlashda chinakam muloqot maydoniga aylandi. Mazkur anjumanda bevosita ishtirok etgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Mohira Xo‘jayeva forum haqida o‘z xulosalari va fikr-mulohazalarini bildirdi:
— Ushbu forum biz, parlament a’zolariga O‘zbekistonda xotin-qizlar huquqlarini ta’minlash va himoya qilishning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirishga qo‘shayotgan hissamizga chetdan turib nazar solishga imkon berdi. Asosli g‘oyalar va konstruktiv takliflar ilgari surilgan forumning har bir ishtirokchisi, shu jumladan, deputatlar bir qator savollarga javob izlashga harakat qilgan bo‘lsa, ajabmas.
Nima qilsak, qanday yo‘l tutsak, opa-singillarimiz o‘z huquqlarini biladi? Qonunchiligimizning qaysi joyida bo‘shliq mavjud? Yoki qaysi qonunlarimizning ijrosida sustkashlikka yo‘l qo‘yilyapti? Bu boradagi huquqiy bazani takomillashtirishda ayol deputatlarning o‘rni, ishtiroki sezilyaptimi?
Avvalo aytish kerak, to‘rtinchi chaqiriq Qonunchilik palatasi faoliyatining o‘tgan davrida, ya’ni 2020 — 2023 yillar davomida ayol deputatlar 23 ta qonun loyihasini ishlab chiqish va parlament muhokamasiga kiritishda bevosita ishtirok etgan. Umuman olganda, parlamentimizda ko‘rib chiqilgan va qabul qilingan qonunlarda xotin-qizlarning ta’lim olish huquqini kengaytirish, ularning salomatligini mustahkamlash, ayollar o‘rtasida tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qonunlarning sifati va soni sezilarli darajada o‘sdi.
Xususan, 2022 yil dekabrda qabul qilingan tegishli qonunga asosan ilk bor O‘zbekistondagi davlat tashkilotlarida genderga oid audit o‘tkazish tartibi belgilandi. Endilikda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida, shu jumladan, kadrlar siyosatini olib borishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar yaratilgani, shuningdek, genderga doir kompleks yondashuv holatlari o‘rganilmoqda hamda baholanmoqda. 2023 yil aprelda qabul qilingan qonunga asosan esa Jinoyat hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslar oiladagi zo‘ravonlikni nazarda tutuvchi moddalar bilan to‘ldirildi. Saylov kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq, siyosiy partiyalar tomonidan deputatlikka ko‘rsatiladigan nomzodlar umumiy sonida ayol nomzodlarning eng kam ulushi 30 foizdan 40 foizga oshirildi.
Qonunlarimizdagi bu kabi o‘zgartirishlar ayollarning jamiyat hayotidagi o‘rni va nufuzini yanada kuchaytirishga, ularning huquq va manfaatlarini kafolatlashga xizmat qilmoqda.
Kezi kelganda ta’kidlash lozim, forumning parallel sessiyasida xotin-qizlar iqtisodiy holatini yaxshilashda parlamentning o‘rni muhokama qilingani e’tiborimni tortdi. Sessiyada parlament a’zolari xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishga ta’sir etishda muhim rol o‘ynashi, bu boradagi tegishli qonunchilik bazasini rivojlantirishda o‘rni kattaligi qayd etildi.
O‘z navbatida, biz, deputatlik korpusi vakillari xotin-qizlarimizga jamiyatning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotida faol ishtirok etishiga, ularning iqtisodiy, moliyaviy va ijtimoiy muammolarini hal qilishga, qolaversa, davlat va xususiy sektorda gender muvozanatini ta’minlashga qaratilgan qonunchilikni rivojlantirishga hissa qo‘shishda davom etishimiz lozim.
Forumda bildirilgan tavsiyalardan kelib chiqib aytishim mumkinki, ushbu yo‘nalishda parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash, shu jumladan, ayol parlamentariylarning faolligini oshirish, do‘stlik guruhlari faoliyati doirasida bu boradagi qonunchilikni takomillashtirish masalalarini doimiy muhokama qilish, ilg‘or tajribalarni qonunchilikda aks ettirish, xalqaro amaliyotni tahlil qilish kabi bir qator vazifalarga e’tibor qaratish maqsadga muvofiq.
O‘zA muxbiri
Muhtarama Komilova
yozib oldi.