Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ayol olimlarning yutuqlari xususida fikr almashildi
11:47 / 2026-02-11

11 fevral — “Ilm-fan sohasidagi ayollar va qizlar xalqaro kuni” munosabati bilan G‘allaorol tumani Madaniyat markazida “Ilm va ayol: barqaror jamiyat sari” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Tadbir tuman Oila va xotin-qizlar bo‘limi tashabbusi bilan o‘tkazildi.

Ma’lumki, mazkur sana BMT Bosh Assambleyasi tashabbusi bilan joriy etilgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi ilm-fan sohasida ayollar va qizlarning faolligini oshirish, ularning intellektual salohiyatini qo‘llab-quvvatlash hamda gender tenglikni ta’minlashga qaratildi. Bugungi kunda ilm-fan taraqqiyotida ayollar ishtiroki jamiyatning barqaror rivojlanishi bilan bevosita bog‘liq omil sifatida qaralmoqda.

Tadbirda Lalmikor dehqonchilik ilmiy-tadqiqot institutining qishloq xo‘jaligi sohasida falsafa doktori (PhD), fan nomzodi Mariya Nikolayevna Pokrovskaya hamda tumanda faoliyat yuritayotgan ilmga qiziquvchan, iqtidorli xotin-qizlar ishtirok etdi. Suhbatlar davomida ilmiy faoliyatda xotin-qizlarning o‘rni, zamonaviy ilm-fandagi yangi yo‘nalishlar hamda ayol olimlarning yutuqlari xususida fikr almashildi.

Mazkur tadbirda ta’kidlanganidek, mamlakatimizda xotin-qizlarni ilm-fanga keng jalb etish, ularning ilmiy izlanishlarini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilgan ustuvor yo‘nalishlardan biridir. Bunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar esa yosh qizlarda ilmga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirish, olima ayollarga bo‘lgan hurmat va ishonchni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Umuman, tadbir ilm-fan sohasida faoliyat olib borayotgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi o‘rni va nufuzini oshirishga qaratilgan ezgu tashabbus sifatida ahamiyatli bo‘ldi.

Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri