English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ayol olimalarning yangi ittifoqi: mintaqa kelajagida nimalar o‘zgaradi? (+video)
22:39 / 2025-11-28

Toshkentda ilk marotaba o‘tkazilgan “SheScience 2025” forumida mintaqa olimalari birlashgan pozitsiyasini ifodalovchi Qo‘shma bayonot qabul qilindi. Mazkur hujjat mintaqada ilmiy-integratsion jarayonlarni jadallashtirish, ayol olimlarning yetakchi rolini kuchaytirish va qo‘shma tadqiqotlarni tizimli ravishda rivojlantirishga yo‘naltirilgan strategik platforma bo‘ladi.

Forumda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston va Ozarbayjondan kelgan 60 dan ortiq olima va tadqiqotchilar qatnashishdi. Ular ishtirokida qabul qilingan bayonot kelgusidagi hamkorlikning besh ustuvor yo‘nalishini belgiladi va forumni har yili navbatma-navbat o‘tkazish borasidagi kelishuvni ham mustahkamladi. 

Tadbirda ishtirokchilar fan va texnologiyalar sohasidagi global chaqiriqlar — ekologik xavflar, raqamli transformatsiya va sun’iy intellektni tatbiq etish — mintaqa davlatlaridan yagona yondashuvni talab qilayotganini ta’kidladilar. 

 Tadbir ochilishi va yakuniy hujjat muhokamalarida so‘zga chiqqan O‘zbekiston FA vitse-prezidenti — Shahlo Turdikulova mintaqa ilmiy imkoniyatlarini birlashtirish zarurligini alohida qayd etdi. Uning fikricha, “SheScience” Forumi ayol olimlar uchun faqat ilm va fikr almashish maydoni bo‘libgina qolmay, balki yangi ilmiy konsorsiumlar, tadqiqot tashabbuslari va mintaqaviy loyihalar shakllanadigan platforma hamdir. 

“Bu bayonot — shunchaki maqsadlar to‘plami emas. Bu birgalikda amalga oshiriladigan real o‘zgarishlar uchun aniq yo‘l xaritasi” dedi, u.  

Forum O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tomonidan — Butunjahon Fanlar akademiyasi (TWAS), Rivojlanayotgan mamlakatlarda fan sohasidagi ayollar tashkiloti (OWSD),Jahon banki va Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda tashkil etildi. 

Bundan tashqari, kun davomida zamonaviy fan va innovatsiyalarning eng muhim yo‘nalishlari keng muhokama qilindi. Xususan, sun’iy intellekt va ilmiy jarayonlarni raqamlashtirish, jamoatchilikning ilm-fanga ishonchini mustahkamlash, iqlim barqarorligi va “yashil” texnologiyalar, energiya samaradorligi va qayta tiklanuvchi manbalar, ilm-fanni tijoratlashtirish imkoniyatlari hamda xalqaro konsorsiumlar va innovatsion startaplar shular jumlasidandir. 

Bir so‘z bilan aytganda qabul qilingan “SheSciencye 2025” forumida Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon ayol olimalarining ilk bor yagona platforma ostida birlashgani mintaqa ilmiy hamkorligida sifat jihatdan yangi bosqichni boshlab berdi. Ushbu tashabbus mintaqaning kelgusi 10–15 yillik ilmiy rivojlanish yo‘nalishini belgilab berishga qodir strategik qadam sifatida baholanmoqda. 

Xo‘sh, ayol olimalarning bu yangi ittifoqi kelgusida mintaqa kelajagiga qanday ijobiy o‘zgarishlarni olib kiradi? Forumda ana shular borasida to‘xtalib o‘tildi. 

Xususan, mintaqaning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida ilm-fan, ta’lim, ma’lumotlar va innovatsiyalarning asosiy harakatlantiruvchi kuch ekani e’tirof etildi hamda ayollarning ilm-fanga teng huquqli ishtirokini, ularning ilmiy faoliyatdagi imkoniyatlarini kengaytirish va davlatlar rivojiga qo‘shayotgan hissasini tan olish zarurligi qayd etildi. 

Shu bilan birgalikda, mintaqa oldida turgan iqlim o‘zgarishi, uning sog‘liq uchun oqibatlari, ekologik xatarlar, energiya samaradorligi, oziq-ovqat xavfsizligi, sog‘liqni saqlash tizimidagi muammolar va yangi texnologiyalarni tezlashtirilgan tartibda joriy etish zarurati borasida so‘z yuritildi. 

Yana ta’kidlanishicha, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon o‘rtasida ilmiy hamkorlikni yanada tizimli ravishda kuchaytirish ehtiyoji mavjud. Shu bois ilmiy aloqalarni mustahkamlash, bilim almashish, qo‘shma tadqiqotlarni ilgari surish va xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirish taqozo etiladi.  

Forumda ana shu zaruratlar inobatga olingan holda, olima ayollar tomonidan  Qo‘shma Kommunike qabul qilindi. 

Qo‘shma Kommunikega ko‘ra,  “SheScience” forumi ayol olimalar hamkorligini mustahkamlash, qo‘shma tadqiqotlarni rivojlantirish va mintaqaning umumiy ilmiy muammolarini hal etish uchun barqaror mintaqaviy mexanizm sifatida ta’sis etiladi. 

Ikkinchidan, forum bilim va tajriba almashish, zamonaviy fan yo‘nalishlari bo‘yicha hamkorlik, ayrim institutsional to‘siqlarni bartaraf etish hamda mintaqaviy ilmiy ustuvor yo‘nalishlarni shakllantirish uchun platforma vazifasini o‘taydi. 

Mazkur tashabbus Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Jahon fanlar akademiyasi (TWAS), Rivojlanayotgan mamlakatlardagi ayol olimlar tashkiloti (OWSD) kabi yirik xalqaro tashkilotlar ko‘magi bilan amalga oshiriladi.

<iframe width="680" height="480" src="https://www.youtube.com/embed/vsL9xH-dElw?si=M0w-DPyMASJPm4kd" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

M.Eshmirzayeva, D.Yakubov, U.To‘xtayev, O‘zA