Jamiyatda turli toifa ayollar bor. Ularning ba’zilari kimlardir tomonidan jabrlangan bo‘lsa, ayrimlari boshqalarga jabr ko‘rsatadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yurtimizda 2020 yilda jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 38 ming 149 shaxsga nisbatan 30 ming 284 ta ish ko‘rib chiqilgan. Sudlangan shaxslarning 3 ming 27 nafari ayollar.
Xo‘sh, ayol kishida jinoyat sodir etishga moyillik qachondan boshlanadi, uni bartaraf etish mumkinmi? Toshkent shahar 2-sonli ruhiy-asab kasalliklari dispanseri psixologi Nozima Nosirova bilan shu kabi savollarga javob olish maqsadida suhbatlashdik.
— Avvalo, ayol jinoyat ko‘chasiga ilk qadam qo‘yishni qanday boshlaydi, degan savolga oydinlik kiritib o‘tsangiz?
— Iqtisodiy yetishmovchilik, oilaviy mojarolar, turli xil ijtimoiy kelishmovchiliklar oqibatida ilk qadamini tashlaydi. Ayollarni jinoyat qilishga undovchi omillar bor. Bularga atrofdagilar tomonidan tan olinmaslik, xo‘rlanish, kamsitilish, muammolarning yechimini topolmaslik yoki ruhiy og‘ishish sabab bo‘ladi. Jinoyat sodir etishning yoshi ko‘rsatilmagan. Agar ayol vaqtida davolansa, xohish istaklari amalga oshsa, yaqinlari tomonidan tan olinsa, hech qachon jinoyat ko‘chasiga kirmaydi.
— Qizlarda jinoyatga moyillik shakllanishida oilaviy kelishmovchiliklar ham sabab bo‘lishi mumkinmi?
— Hech bir farzand jinoyatchi yoki qotil bo‘lib tug‘ilmaydi. Uni qanday odam bo‘lib shakllanishida, eng avvalo, oila muhitining o‘rni judayam katta. Er-xotin, qaynona-kelin, aka-ukalar o‘rtasida muntazam tortishuv bo‘ladigan oilada o‘sayotgan qiz o‘sha muhitdan nafas oladi. Balog‘at yoshiga yetgach atrofdagilarga munosabati shakllanadi.
Kattalar bolalar oldida bir-birlariga sovuq qurollar bilan tajovuz qilish “sahna”sini ko‘rsatishlari kerak emas. Janjalkash oilada o‘sgan qizlar o‘zlariga pas baho beradigan, kelajakka umidsiz qaraydigan bo‘lib qoladi. O‘smirlik yoshiga yetganida o‘zini himoya qilish maqsadidagi agressivlik kuchayib ketadi. Ularda muammoni kelishish orqali emas, tajovuzkor, ya’ni pichoq tirash, tan jarohati yetkazish orqali hal qilish kerak, degan tushuncha shakllanadi.
Har bir oilada turli xil oilaviy kelishmovchiliklar bo‘ladi. Ayniqsa, iqtisodiy yetishmovchilik buni ko‘proq keltirib chiqaradi. Muammoning sababi nimada ekanligi va bu vaqtinchalik holatligini bolaga tushuntirish kerak. Ota yoki ona tomonidan: “Biz seni ham, bir-birimizni ham yaxshi ko‘ramiz. Hozirgi muammo vaqti kelib o‘tib ketadi, buni hal qilamiz”, deb bolani tinchlantirish kerak. Kelishmovchiliklar ortda qolib, to‘g‘ri hal qilinganini ko‘rsatib berish kerak. Yoki, “biz kattalar muammoning yechimini topdik, sen xavotir olma”, deb tushuntirishsa, farzand o‘smirlik davriga yetib kelganda agressiv reaksiyalarga moyillik belgilari bo‘lmaydi.
— Ma’lumotlarga ko‘ra, xotin-qizlar o‘rtasida eng ko‘p tarqalgan jinoyat turlari o‘g‘irlik, tovlamachilik hamda birovning joniga qasd qilish. Ushbu jinoyat turlariga psixologiyada qanday nuqtai nazardan yondashiladi?
— Qaysi jinoyat turlari ko‘p sodir etilayotgani haqida psixologiyada aniq statistika yo‘q. Bunday ma’lumotlar yuridik yo‘nalishda fakt sifatida qayd qilinadi. Biz jinoyatga insoniy nuqtai nazardan yondashamiz. Aytaylik, o‘g‘rilikning eng yuqori nuqtasi muhtojlik hamda taqiq. Masalan, qizaloqlar bog‘cha yoshida o‘rtoqlarining o‘yinchoqlarini, maktabda esa dugonasining puli yoki o‘quv qurollarini sezdirmasdan olib qo‘yishi mumkin. Ayrim bolalar qaysidir mevani judayam yegisi keladi yoki qaysidir dugonasining o‘yinchog‘iga havasi kelib taqlid qiladi.
Shunday paytda onasi senga bu mumkin emas, bizni pulimiz kam, sharoitimiz to‘g‘ri kelmaydi, deb uning xohishini qaytaraversa, taqiq qizchada o‘g‘rilik xususiyatini shakllantiradi. Shu sabab ota-ona imkoniyati bo‘lganida farzandiga u xohlagan narsasini olib berishi kerak. Agar imkoni bo‘lmasa o‘zlari qog‘ozdan yasab, mehribonlik hamda o‘yin tarzida sovg‘a qilishsa, bolaning qalbidagi bo‘shliq qondiriladi. Qoniqmaslik, taqiqlar natijasida qizlarda o‘g‘rilik sodir bo‘lishi mumkin.
— Yolg‘onchilik bora-bora tovlamachilikni keltirib chiqarishi mumkinmi?
— Yolg‘on gapirish, ya’ni tovlamachilik genetik muammo hisoblanmaydi. Ya’ni, yolg‘onchi ota-onaning farzandi aldoqchi bo‘lib tug‘iladi, degani emas. Meni o‘g‘lim yoki qizim aldadi, turmush o‘rtog‘im yolg‘on gapirdi, degan xususiyatdan xafa bo‘lish kerak emas. Har bir inson aldash xususiyatiga ega bo‘ladi. Faqat uning o‘rnini aniqlab olish kerak. Ya’ni, insonga foyda va ziyon keltiruvchi aldash turi bor. Insonga foyda keltiruvchi aldash normada bo‘ladi. Zarar keltiruvchi turini esa yoshlikdan tarbiyalab turish kerak. Ayollarda yoshlik davrida aldash xususiyatlari tarbiyalanmasa, sekin-asta bu tovlamachilikka aylanadi. To‘g‘rilash, adaptatsiya qilib normaga solish mumkin. Lekin bu o‘tib ketdi, aldamaydi, degani emas. Unday insonlarga hushyor bo‘lish kerak.
Aldash oqibatlari yomon ekanini bolalarning tilida, turli xil ertak, multfilm, kinolar qo‘yib berish orqali tarbiyalash yaxshi samara beradi.
— Ayolni kimgadir tan jarohati yetkazishgacha olib boradigan omillar nimalarda?
— Birovga tan jarohati yetkazgan ayollarning psixologiyasi juda murakkab bo‘ladi. Yuzaki taraflama unga agressiv, ya’ni kuchli ayol ekan, deb baho berishadi. Lekin ularning ichki dunyosi o‘rganilganda aksi bo‘ladi. Shunday ayollar borki, farzandini o‘gay otasidan himoya qilmoqchi bo‘lib, eriga tan jarohati yetkazib qo‘yishi mumkin.
Yana ba’zilar rashk tufayli ham erini jarohatlab qo‘yadi. Ular irodasi noturg‘un ekani, o‘zini kuchsiz his qilganligi, ichidagi alam kuchayib ketganidan shu yo‘lni tanlagan bo‘lishi mumkin. Ba’zi bir ayollar ataylab qasddan kimgadir jarohat yetkazadi. Ularni xulqi og‘ishgan xarakter xususiyatiga ega ayollar tipiga kiritamiz. Bundaylarga albatta, meditsina ko‘rigi zarur.
Har bir ayol o‘zicha go‘zal, o‘zi xohlagandek baxtli bo‘lishga haqli. Ana shu o‘zining go‘zalligini, baxtli ekanligini his qilgan ayollar hech qachon jinoyat ko‘chasiga yo‘lamaydi.
O‘zA muxbiri Nigora Rahmonova suhbatlashdi.