Olmaliq shahridagi “Metallurg” madaniyat saroyida 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Unga Toshkent viloyatida yashab, xalq xo‘jaligining turli sohalarida muvaffaqiyatga erishib kelayotgan, samarali faoliyat yuritayotgan onaxonlar, opa-singillar taklif etildi.
Tadbirda Toshkent viloyat hokimi Zoyir Mirzayev ayollar jamiyatning ma’naviy ustuni, oilaning mustahkam tayanchi ekanini ta’kidladi. Barcha opa-singillarni bahorning eng go‘zal ayyomi bilan samimiy tabrikladi.
Qayd etilganidek, bugungi kunda Toshkent viloyati aholisining 1 million 584 mingdan ortig‘ini, ya’ni yarmidan ko‘prog‘ini xotin-qizlar tashkil etadi. Ular ta’lim, tibbiyot, tadbirkorlik, davlat boshqaruvi, ilm-fan, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish kabi barcha sohalarda faol ishtirok etib, viloyat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shmoqda.
– Toshkent viloyati xotin-qizlari azal-azaldan mehnatsevar, yaratuvchan bo‘lishlari bilan birga, ilm, adabiyot, san’at, qo‘yingki, barcha jabhalarda peshqadam bo‘lib kelgan, – deydi viloyat hokimi Z.Mirzayev. – Yaqin o‘tmishda yashab, o‘z hayoti va faoliyati bilan katta ibrat namunalarini qoldirgan Saodat Gulahmedova, Anastasiya Chudnaya, Lyubov Li, Zulfiya Zokirova, Munavvar Isoqova, Tursunoy Oxunova kabi mehnat va matonat timsollari bo‘lgan onaxonlarimiz nomini butun xalqimiz hurmat bilan xotirlaydi. Ularga munosib voris bo‘lish yo‘lida zahmat chekib mehnat qilayotgan opa-singillarimiz soni ko‘payib borayotgani ayni haqiqatdir.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatda 10 ming nafar ayol rahbarlik lavozimlarida, 7,5 mingdan ziyod xotin-qizlar tadbirkorlik sohasida, 38 mingdan ortiq ayollar ta’lim tizimida, 48 ming nafarga yaqin xotin-qizlar tibbiyot sohasida, 22 mingdan ziyod ayollar qishloq xo‘jaligida, 29 mingdan ortiq xotin-qizlar davlat idoralarida samarali faoliyat yuritmoqda.
Ilm-fan sohasida ham xotin-qizlarning salmoqli ishtiroki kuzatilmoqda. Hozirda viloyatda 872 nafar professor-o‘qituvchi xotin-qizlar, jumladan 44 nafar fan doktori, 58 nafar falsafa doktori, 35 nafar professor va 234 nafar dotsent faoliyat olib bormoqda.
Siyosiy hayotda ham ayollar faolligi ortib bormoqda. Ayni paytda viloyat xotin-qizlaridan 6 nafar deputat, 1 nafar senator hamda 160 nafar mahalliy Kengash deputatlari xalq manfaatlarini ifoda etmoqda.
Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning bandligini ta’minlash borasida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 248 mingdan ortiq ishsiz xotin-qizlarning bandligi ta’minlandi. Shu bilan birga, 31 mingdan ziyod ayollarga tadbirkorlikni rivojlantirish uchun 908 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratildi, 13 mingdan ortiq xotin-qizlar kasb-hunar va motivatsiya kurslarida o‘qitildi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, bugungi kunga qadar viloyatdan 468 nafar ayollar turli davlat mukofotlari bilan taqdirlangan, yaqinda esa yana 4 nafar xotin-qiz mamlakatimizning yuksak orden va medallariga, 2 nafar iqtidorli qiz esa Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi. Shuningdek, bayram doirasida viloyatda istiqomat qilayotgan 38 nafar 100 yoshdan oshgan onaxonlarga viloyat hokimining maxsus tabriknomasi va sovg‘alari yetkazildi.
[gallery-28043]
Tantanali marosimga san’at ustalari va ijrochi yoshlar ishtirokidagi bayram dasturi alohida fayz bag‘ishladi. Marosim ishtirokchilariga bayram sovg‘alari tortiq etildi.
A.Musayev, A. Alijonov (surat), O‘zA