Prezidentimiz Andijon viloyatiga tashrifi chog‘ida xotin-qizlar, yoshlar bandligini ta’minlash, opa-singillarimiz uchun munosib turmush sharoiti yaratish, milliy qadriyatlarimizni ulug‘lash, oilalarni mustahkamlash, yoshlar tarbiyasi bilan bog‘liq ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarish, bu boradagi muhim vazifalar yuzasidan qator topshiriqlar bergan edi.
Ana shu topshiriqlardan kelib chiqib Andijon viloyati Oila va xotin-qizlar boshqarmasi tashabbusi bilan Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi va boshqa qator tashkilotlar hamkorligida milliy qadriyatlarimizni ulug‘lash, yoshlar tarbiyasi, ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha qator tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Jalaquduq tumanida bo‘lib o‘tgan “Ayol iffati – millat ko‘zgusi” mavzusidagi davra suhbati ham ana shunday tadbirlardan biri bo‘ldi.
Mahallalardagi Xotin-qizlar faollari, “Oqila ayollar” harakati yetakchilari, ma’naviyat targ‘ibotchilari, ichki ishlar bo‘limlarining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektorlari, otinoyilar ishtirok etgan tadbirda “Yoshlar tarbiyasida onaning o‘rni” g‘oyasi asosida mahallalarda olib borilayotgan ishlar atroflicha muhokama etildi.
[gallery-10763]
– Tumanimizdagi barcha mahallalarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, qizlar tarbiyasi bilan bog‘liq zarur barcha ishlar olib borilmoqda, – deydi Jalaquduq tumani hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi rahbari Dilnoza Mo‘minova. – Ayniqsa, ko‘pni ko‘rgan, katta hayotiy tajribaga ega onaxonlarimiz, otinoyilar ishtirokida o‘tkazilayotgan targ‘ibot tadbirlari ijobiy samara bermoqda.
Davra suhbatida xotin-qizlar o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni samarali tashkil etish, kiyinish madaniyati, o‘zbek milliy liboslarini targ‘ib etish, qizlar tarbiyasi, ularni oilaviy hayotga tayyorlash, kasb-hunar o‘rgatish, tomorqadan unumli va oqilona foydalanish, shuningdek, ayollar ishtirokida kelib chiqishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish xususida fikr va mulohazalar, mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarish, samaradorligini oshirish yuzasidan takliflar bildirildi.
Bu kabi tadbirlar viloyatning barcha tuman va shaharlarida bo‘lib o‘tmoqda.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA