Davlat va jamiyat hayotida faol bo‘lgan, tashkilot va idorada ishlaydigan ayollar uchun oson emas.
Qaysi ma’nodaki, ham oila, farzandlar tarbiyasi, ham davlat ishida o‘zini ko‘rsatish, zimmasidagi vazifalarini o‘z vaqtida bajarish uchun ayol kishi matonatli, sabr-qanoatli hamda g‘ayrat-shijoatli bo‘lmog‘i lozim. Bu borada, ayniqsa, sud hokimiyati tizimida faoliyat ko‘rsatadigan xodimalar va ayol sudyalarga yanada mushkulroq nazarimizda. Chunki bir tomonda kasb mas’uliyati – yuzlab sud ishlarini ko‘rib chiish, sud majlislarini o‘z vaqtida o‘tkazish, adolatli qaror qabul qila olish, buning uchun o‘rni kelsa, uyqusidan, oilada o‘tishi kerak bo‘lgan vaqtidan kechishiga to‘g‘ri keladi. Bir tomonda esa rafiqa, xonadon bekasi, ona sifatidagi yuksak vazifa va mas’uliyati. Har ikki jabhani birdek olib borish, ham ish faoliyati, ham farzand tarbiyasida yetakchi bo‘lish oson emas.
Mamlakatimiz tarixida odil sudlovni amalga oshirib, ham jamiyatda, ham ish faoliyatida, ham ilmiy faoliyat, ham oilada o‘z o‘rniga ega bo‘lgan Xadicha Sulaymonova singari ko‘plab ayol sudyalar o‘tgan. bugungi kunda ham mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan ayol sudyalar soni yildan-yilga ko‘payib, odil sudlovni amalga oshirishdagi ishtiroki kengayib bormoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining birinchi o‘rinbosari – Ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Robaxon Mahmudova bilan suhbatimiz mamlakatimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, sud hokimiyati tizimida ayollarning o‘rni oshayotgani, ayol sudyalar faoliyati va ularni qiynayotgan muammolar xususida kechdi.
– Robaxon opa, faol ayollar safidagi vakila sifatida bugun mamlakatimizda xotin-qizlarga qaratilayotgan e’tibor va ularga yaratilayotgan sharoitlar haqida to‘xtalib o‘tsangiz.
– Yurtimizda xotin-qizlarni, ayollarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning davlat va jamiyat hayotidagi o‘rni va mavqeini mustahkamlash, ishtirokini kengaytirishga, har bir sohada gender tenglikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish, ularni jamiyat yetakchisiga aylantirishga qaratilgan qator huquqiy hujjatlar qabul qilinib, amaliyotga tatbiq qilindi. Natijada ko‘plab soha va yo‘nalishlarda ayollarning soni ortib borayotir. Jumladan, rahbar ayollar safi kengaymoqda. Ishbilarmon, tashabbuskor ayollarning ko‘plab g‘oya va tashabbuslari amalga oshirilmoqda.
Bundan tashqari, ehtiyojmand, ko‘makka muhtoj xotin-qizlar muammosi bilan muntazam shug‘ullanish yo‘lga qo‘yildi. Har bir ayolning dardini tinglash, uning muammosini o‘rganish tizimli olib borilmoqda. Ijtimoiy himoya, uy-joy ta’miri, tibbiy himoya, huquqiy yordam, psixologik maslahatga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan, noturar joyda istiqomat qilayotgan, qaramog‘ida nogiron farzandlari bor yolg‘iz ayollar ro‘yxati kiritilgan daftar – “Ayollar daftari” muntazam yuritilmoqda. Bu orqali xotin-qizlarga ko‘mak berish bo‘yicha tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan.
– Sud hokimiyati tizimida gender tenglikni ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlar qanday natijalarda ko‘rinadi?
– Albatta, har bir sohada bo‘lgani kabi sud tizimida ham ayollar safini kengaytirish, ayniqsa, ayol sudyalar sonini ko‘paytirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Natijada ayol sudyalar soni yildan-yilga ortib bormoqda. Masalan, 2017 yilda sudyalik lavozimida ishlagan ayol sudyalar soni 115 nafar bo‘lgan bo‘lsa, hozirgi vaqtda kelib, ular 169 nafarni tashkil etmoqda. 2020-2021 yilda Sudyalar oliy maktabining magistratura bosqichini 132 nafar bitiruvchi tugatdi. Ularning 27 nafari xotin-qizlardir. Ayni paytda ularning 10 nafari sudyalik lavozimida ishlayapti.
Yana shuni ham alohida ta’kidlashim joizki, 26 nafar ayol sudya rahbarlik lavozimida ishlab kelmoqda. Bular, albatta, ayollarga alohida e’tibor berilayotganining, gender tenglikka erishish bo‘yicha islohotlarning samarasidir.
– Sohaga yosh kadrlarni jalb etish, jumladan sudya bo‘lish istagidagi qizlarni jalb qilgan holda ularga ish o‘rgatish borasida qanday ishlar qilinmoqda?
– Albatta, yuridik ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan yosh qizlarimizni sudyalikka qiziqtirish va bu yo‘nalishda ularga ko‘maklashish, amaliyot o‘tashlariga sharoit va imkoniyat yaratib berishga alohida e’tibor qaratiladi. Talaba qizarimiz ayol sudyalarga biriktirilgan holda tajriba orttirishiga, olgan bilimlarini amaliyotda qo‘llash bo‘yicha ko‘nikmalar hosil qilishiga muntazam yordam ko‘rsatib boriladi.
– Sud hokimiyati tizimida faoliyat ko‘rsatish xotin-qizlar uchun oson ishmas. Bu borada ularni qiynaydigan qanday muammolar mavjud?
– Aslida faqat sud tizimi emas, har bir sohaning o‘ziga yarasha qiyinchiligi, mas’uliyati bor. Ayniqsa, xotin-qizlar uchun qay bir soha bo‘lmasin, ham ishi, ham oilasi, farzandlari uchun vaqt topish, har ikkisini risoladagiday olib borish mas’uliyati ko‘ndalang turadi. To‘g‘ri, sud sohasidagi ayollar ko‘pincha oilasiga, bollariga kam vaqt ajratayotganidan qiynalishadi, ish jarayonidagi yuklamalar og‘irlik qiladi. Ammo o‘z faoliyatiga ham, oilasiga ham birdek vaqt ajratib, faollik ko‘rsatayotgan xotin-qizlarimiz juda ko‘pchilikni tashkil etadi.
Shu bilan birga, ba’zan viloyatlardagi xotin-qiz xodimalarimiz malaka oshirish yoki Sudyalar oliy maktabida o‘qish uchun poytaxtga kelolmasligi, qaynonasi yoki turmush o‘rtog‘i ruxsat bermasligi kabi muammolarga duch keladi. Sohadagi ayolllarni qiynayotgan yana bir masala – ayrim sudya ayollarimiz sudyalik vakolati davrida farzandli bo‘lib qolishsa, bu vakolat muddati to‘xtatib turilmaydi. Tug‘ruq ta’tilida to‘liq o‘tirishsa, buyoqda vakolat muddati ham o‘tib ketishiga to‘g‘ri keladi. Bu kabi bahsli masalalar borasida ham o‘rganilyapti, fikrlashilyapti.
Bir so‘z bilan aytganda, barcha sohada bo‘lgani kabi sud sohasida ham xotin-qizlarning o‘rni va mavqeini mustahkamlash, faolligini oshirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar amalda o‘zining ijobiy samaralarini ko‘rsatmoqda. Bu chora-tadbirlar esa muntazam davom ettiriladi.
O‘zA muxbiri Muhtarama Komilova suhbatlashdi.