Ma’lumki, Oliy Majlis Senati, Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi hamda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tashabbusi bilan “Gender tenglik faoli” milliy tanlovi o‘tkazib kelinmoqda.
“Ayol ma’rifati – jamiyat taraqqiyotining mustahkam poydevori!” shiori ostidagi tanlovning Toshkent viloyati bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi Olmaliq shahridagi “Metallurg” madaniyat saroyida bo‘lib o‘tdi.
Unda Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev, OKMK boshqaruv raisining xodimlar va ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Sa’di Shermatov va soha mas’ullari ishtirok etdi.

Dastlab, so‘z olgan Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev davlatimiz rahbari rahnamoligida yurtimizda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, huquq va manfaatlarini ta’minlash borasida keng ko‘lamli, izchil islohotlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Bu kabi tanlovlar mamlakatimizda xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni, salohiyati va faolligini yuksaltirishga qaratilgan ezgu tashabbuslarning yorqin ifodasi ekanini bildirdi.

– Yangi O‘zbekistonni barpo etish, yuksak marralarni ko‘zlab yashashda ham ayollarimizdan o‘rnak olsak arziydi. Ta’lim sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan xotin-qizlarning 211 nafari (Phd)olimalardir. Shuningdek, 17 mingdan ziyod tadbirkor ayollar, 1045 nafar hunarmand ayollar va 221 nafar fermer ayollar hisobiga to‘g‘ri keladi. Boshqaruvdagi rahbar xotin-qizlar 29,7 foizni, qishloq xo‘jaligi va qurilish sohasida 39,5, moliya va sug‘urta sohasida 51,4, sanoat, savdo, tashish va saqlash, yashash va ovqatlanish bo‘yicha xizmatlar sohalarida 46, ta’lim sohasida 77,1, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar sohasida 78, professional, ilmiy va texnik sohasida 30,4, axborot va aloqa sohasida 32,2 foizni tashkil qilmoqda, – dedi viloyat hokimi Z. Mirzayev.

Tanlovda ishtirokchilar jamiyatda tenglik va adolat prinsiplarini qaror toptirish, xotin-qizlarning iqtisodiy va ijtimoiy hayotdagi faolligini oshirishga qaratilgan ishlari munosib baholandi.
Xususan, “Olmaliq KMK” AJda faoliyat yuritib kelayotgan “Oltin qo‘llar” iste’dodli xotin-qizlar klubi tomonidan tayyorlangan qo‘l mehnatini aks ettiruvchi ko‘rgazmalar, milliy liboslar namoyishi taqdim etildi.

E’tiborlisi tanlovning viloyat bosqichida kombinat “Gender tenglikni ta’minlashda eng faol respublika darajasidagi davlat organi” nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib deb topilib, Respublika bosqichiga yo‘llanma olishga sazovor bo‘ldi.
Shuningdek, “Yil ayoli”, “Eng namunali mahalla xotin-qizlar faoli” milliy tanlovlarining Toshkent viloyati bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi ham o‘tkazildi.
A.Musayev, O‘zA.