Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ayol jamiyat tayanchi
16:12 / 2023-08-18

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Toshkent viloyati bo‘limi, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati tomonidan bir guruh ziyolilar ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz ikki yillik sanasi munosabati bilan Zangiota tumanidagi umumiy tartibdagi ayollar koloniyasida “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” shiori ostida madaniy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

Unda targ‘ibotchilar jazoni ijro etish muassasasidagi ayollar bilan suhbatlashdi. Shundan so‘ng ular o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yini, shaxmat-shashka musobaqalari tashkil etildi. G‘oliblarga esdalik sovg‘alari topshirildi.  

Tadbirda xalqimizning sevimli shoirasi Zulfiya Mo‘minova ayol nozik xilqat sohibasi ekani, uning oila va jamiyatdagi o‘rni ham inson qalbi misol nozik va maftunkor bo‘lishi to‘g‘risida iliq fikrlar bildirdi va “Ayolga baxt bering saodat bering”, “Bolaga kitob bering“ kabi she’rlarini o‘qib berdi. Targ‘ibotchilar tomonidan mahkumalarga inson qilgan xatosidan to‘g‘ri xulosa chiqarib, uni takrorlamaslikka, buning uchun o‘zida kuch topa olishi lozimligi ta’kidlandi.  

[gallery-13167]

– Bu joyga kelganimga bir yil bo‘ldi, – deydi jazo muddatini o‘tayotgan Saodat Hamidova. – Biz bunday ma’naviy-madaniy tadbirlardan ko‘tarinki ruh olamiz. Ko‘nglimizga taskin bo‘ldi. O‘tgan hayotimda qilgan noto‘g‘ri ishlarimdan qattiq afsuslanaman, ozodlik buyuk ne’mat ekanini angladim. Ozodlikka chiqsam farzandlarimga yaxshi ona bo‘lib, tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchiman. Muhimi, hayotimni izga tushiraman va oilam davrasida baxtli yashash uchun harakat qilaman.  

Xalqimizda xotin-qizlarga hurmat-ehtirom ko‘rsatish, ularni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash, mashaqqatli mehnatlarini qadrlash va munosib rag‘batlantirish, ijtimoiy himoyalashga alohida e’tibor qaratiladi. Hayotning chalkash yo‘llari uni gohida jinoyat ko‘chasiga yetaklaydi. Ana shunday bilib-bilmasdan jinoyatga qo‘l urib, umrining gul damlarini panjara ortida o‘tkazayotgan ayollarning taqdiri boshqalarga o‘rnak bo‘lishi kerak.  

 

A.Musayev,  

D.Ernazarov, O‘zA (surat)