Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasining 2023 yil 23 maydagi bayonnomasiga asosan Jizzax viloyati hokimligi oila va xotin-qizlar boshqarmasi tomonidan ayollar festivali o‘tkazildi.
“Ayol – jamiyat ko‘zgusi” deb nomlangan festivalni havaskor velopoygachi xotin-qizlar boshlab berdi. 500 nafarga yaqin xotin-qizni jamlagan musobaqa uchun Jizzax olimpiya va parolimpiya sport turlariga tayyorlash markazi bayramona bezatildi.


Ishtirokchilar yoshlariga qarab 20, 30, 40 va 50 yosh toifalarida 4 ta guruhga ajratildi va start Jizzax shahri “Sayiljoyi” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi “Istiqlol” ko‘chasidan boshlandi. Finish Jizzax olimpiya va parolimpiya sport turlariga tayyorlash markazida yakuniga yetdi. Yosh toifalariga qarab 1-, 2- va 3-o‘rinlarni egallagan havaskor sportchi ayollarga tashkilotchilarning maxsus diplom va sovg‘alari topshirildi.

Festival doirasida o‘tkazilgan “Milliy liboslar millat ko‘zgusi” anjumanida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Z.Mahkamova so‘zga chiqib, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar barcha sohalarda o‘zining yorqin samaralarini berayotgani, jamiyatimiz taraqqiyotida xotin-qizlarning o‘z o‘rni, xizmati va nufuzi borligini ta’kidladi.
So‘ngra Bosh vazir o‘rinbosari mazkur konferensiya munosabati bilan tashkil etilgan milliy hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi hamda Jizzax davlat pedagogika universiteti muzeyi faoliyati bilan tanishdi.


Anjumanda Jizzax davlat pedagogika universiteti, Jizzax politexnika instituti professor-o‘qituvchilari va soha mutaxassislari, dizaynerlarning kiyinish odobi, madaniyati, milliy liboslarning tarixi va bugungi kundagi uyg‘unlashuvi, bu boradagi mavjud muammo va kamchiliklar haqidagi ma’ruzalari tinglandi. Mutaxassislar tomonidan ayollarning estetik didi (kiyinish madaniyati) yuzasidan milliylik bilan uyg‘unlashgan namunalarni, shuningdek, turli sohalarda ishlayotgan ayol xodimlar, uy bekalarining jamoat joylari va uy ichida kiyiladigan liboslari bo‘yicha umume’tirof etilgan normalar bo‘yicha namunalar (eskizlar) taqdim etildi.



Festival “Yurtimizning lider tadbirkor ayollari” shiori ostida biznes-sayohat bilan davom etdi. Jizzax shahridagi va Jizzax sanoat zonasida ko‘plab xotin-qizlar faoliyat ko‘rsatib kelayotgan ishlab chiqarish korxonalariga tashkil etilgan biznes-sayohat ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA