Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ayol himoyasi — insoniylik mezoni
18:59 / 2025-12-03

Jamiyatda yorug‘ kelajakni qurish uchun avvalo ayollar xavfsiz va erkin bo‘lishi shart. Har bir xotin-qizni hurmat qilish, unga qo‘l ko‘tarishga yo‘l qo‘ymaslik va haq-huquqini ta’minlash bu insoniylikning eng oliy mezonidir. Chunki, ayolga nisbatan zo‘ravonlik nafaqat bir inson taqdiriga, balki oila va jamiyat barqarorligiga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatadi.

Zo‘ravonlikning oldini olishda aholining xabardorligini oshirish, yosh avlodga hurmat va bag‘rikenglik ruhida tarbiya berish, muammoga befarq bo‘lmaslik katta ahamiyatga ega. Ayniqsa, ayollar uchun telefon ishonch liniyalari, reabilitatsiya markazlari, huquqiy va psixologik yordam xizmatlarining faoliyatini kuchaytirish ijobiy samara berib kelmoqda.

Shunday bo‘lsada, jamiyatimizda xotin-qizlarga tazyiq va zo‘ravonlik sodir qiladigan insonlar ham uchrab turadi.  

Misol uchun, Urganch shahrida yashovchi 1991 yilda tug‘ilgan fuqaro Sh.D. Urganch tumanida o‘zlarining vaqtinchalik yashab kelayotgan uyida turmush o‘rtog‘i, 1992 yilda tug‘ilgan D.A. bilan o‘zaro oilaviy kelishmovchiligi sababli janjallashib kelgan.  

Navbatdagi o‘zaro janjalda Sh.D. turmush o‘rtog‘i D.A.ning boshiga, yuziga, yelkasi, bilagi, ko‘kragi va boldiriga qasddan urib, do‘pposlagan.  

Sud-tibbiy ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, D.A.ning badaniga yengil shikast yetkazilgan bo‘lsada, uning sog‘lig‘i  yomonlashuviga sabab bo‘lgan.  

Natijada holat yuzasidan Sh.D. O‘zbekiston Respublikasi JKning 1261-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topilib, unga nisbatan ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda  ikki yil axloq tuzatish ishlari jazosiga tortildi.  

Shu o‘rinda alohida ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq, tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan ayol himoya orderi, huquqiy, psixologik va ijtimoiy yordam olishga haqlidir.  

Zero, xotin-qizlar  oila, farzand tarbiyasi, ma’naviyat va taraqqiyotning asosiy tayanchi. Ularning xavfsizligi, huquqiy himoyasi va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlanishi davlat siyosatida muhim o‘rin egallaydi.

Zo‘ravonlikka qarshi kurashish faqat huquq-tartibot idoralarining emas, balki har bir fuqaroning burchiga aylanishi zarur.  

Inomjon Usmonov,

Jinoyat ishlari bo‘yicha

Urganch tuman sudi raisi.

O‘zA