Fuqarolarning ishonchiga kirib, mo‘may daromad evaziga ularni xorijiy davlatlarga noqonuniy ravishda yuborishni va’da qilgan "nafs qullari" uchramoqda va huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan ularning qing‘ir ishlariga chek qo‘yilmoqda..

Xususan, DXX Samarqand viloyati boshqarmasi hamda viloyat IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 1974 yilda Toyloq tumanida tug‘ilgan, muqaddam sudlangan, hozirda Samarqand shahrida yashovchi fuqaro J.Sh. o‘zining yaqin aloqadagi hamtovog‘i bilan jinoiy til biriktirib, mahalliy fuqaroning ishonchiga kirgan holda u va uning qarindoshini Kanada davlatiga yuborishni va’da qilgan. Ushbu "xizmatlari" evaziga ular har bir fuqaro uchun 12 ming AQSH dollaridan, jami 24 ming dollar miqdorida pul talab qilgan.
J.Sh. so‘ralgan pulning 4 ming AQSH dollarini olayotgan vaqtida ashyoviy dalilllar bilan qo‘lga olindi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi rejalashtirilib, surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
O‘zA.